Asosiy kontentga o‘tish
Payshanba 02-Oktyabr 2025-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Hamjihatlik va o‘zaro hurmat — hayotimizning ustuvor tamoyillari

26.09.2025
144

Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 80-sessiyasidagi nutqida nafaqat O‘zbekiston, balki dunyo aholisi hayotida muhim ahamiyat kasb etadigan dolzarb masalalar ko‘tarildi, asosli taklif va g‘oyalar ilgari surildi.

Unda yangi O‘zbekistonning yorqin qiyofasi, tashabbuskor hamda jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallayotgan davlat sifatidagi mavqyei ko‘rsatib berildi. Davlatimiz rahbari xavfsizlik, iqlim o‘zgarishi, barqaror rivojlanish, inson huquqlari kabi masalalar nafaqat mamlakatlar, balki har bir inson hayotiga daxldorligini aytib o‘tdi.

Prezidentimiz yadroviy xavfsizlik masalasi nafaqat geosiyosiy muvozanat, balki kelajak avlodning tinch-osuda turmushi uchun asos bo‘lishini e’tirof etar ekan, Afg‘onistonda tinchlikning barqarorligi Markaziy Osiyo uchun xavfsizlik va taraqqiyot kafolati vazifasini o‘tashini alohida ta’kidladi. Shuningdek, g‘azo sektoridagi gumanitar inqirozga barham berish uchun harbiy harakatlarni to‘xtatish va siyosiy muzokaralarni davom ettirish yuzasidan O‘zbekiston BMT rezolyusiyalariga muvofiq, “ikki xalq uchun — ikki davlat” tamoyilini amalga oshirishning qat’iy tarafdori ekanini ma’lum qildi. Ukraina atrofidagi vaziyat ham diplomatik yo‘llar bilan ijobiy hal etilishiga umid bildirdi.

Kelajagimiz egalari bo‘lgan yoshlar uchun minbar vazifasini o‘taydigan “Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati” amaliyotga tatbiq etilsa, tinchlik, hamjihatlik va o‘zaro hurmat hayotimizning ustuvor g‘oyasiga aylanishi, yosh avlod qalbi hamda ongiga gumanizm, do‘stlik, ishonch va hurmat g'oyalarini singdirish umumiy vazifamiz ekani e’tirof etildi. Shu bilan birga, raqamli taraqqiyot va sun’iy intellektdan foydalanishdagi tengsizlikka qarshi xalqaro hamkorlik mexanizmlarini yaratish zarurligi ham aytildi. Ayni paytda BMTni bugungi zamon talablari asosida yangilash haqidagi fikri anjuman ishtirokchilarining qalbidagi gap bo‘ldi.

Iqlim o‘zgarishi qishloq xo‘jaligi rivojiga jiddiy ta’sir etibgina qolmay  ichimlik suvi ta’minoti va bolalar sog‘ligining yomonlashuviga sabab bo‘lishi aytildi. Darhaqiqat, suv — dunyo mamlakatlarida iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi va sanoatni rivojlantirishning asosiy omili hisoblanadi. Haroratning ko‘tarilishi, aholi soni o‘sishi va iqtisodiyotning tez sur’atlarda rivojlanishi suvdan oqilona foydalanishni taqozo etayotir. Suv resurslarining yil sayin kamayib borayotgani dunyo aholisini tashvishga solayotgani ham bor gap. Shu bois davlatimiz rahbarining iqlim o‘zgarishi muammolari, Orol dengizi qurishining salbiy oqibatlari jahon hamjamiyatining doimiy diqqat markazida bo‘lishi lozimligi haqidagi dolzarb takliflari anjuman ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda Orolbo‘yi ekotizimini qayta tiklash maqsadida 2 million gektar maydonda sho‘rga chidamli cho‘l o‘simliklari ekildi, 2030 yilgacha ushbu hududning 80 foiz qismida yashil qoplamalar yaratish borasida amaliy ishlar qilinayotir. Suv resurslari masalasi butun dunyo xalqlarining muammosiga aylanib borar ekan, ayni paytda 2 milliarddan ziyod aholi toza ichimlik suvidan foydalanishdan mahrum ekanligi barchani sergak torttirishi kerak. Mamlakatimizda suvni tejash bo‘yicha butunjahon forumini o‘tkazish va bu tadbirda suv inqirozini barqaror taraqqiyot uchun jiddiy tahdid sifatida belgilash rejalashtirilayotgani ham mazkur muammoni bartaraf qilishda muhim ahamiyat kasb etishi, shubhasiz.

Yurtimizda ham suv tanqisligi yil sayin dolzarb muammoga aylanmoqda. Afg‘onistonda Qo‘shtepa kanali qurilishi sabab vaziyat yanada keskin tus olayotgani nihoyatda achinarli. Buning uchun suvdan foydalanish samaradorligini oshirish, suv tejovchi texnologiyalardan foydalanishni yanada yaxshilash borasida amaliy ishlarni yanada ko‘paytirish kerak.

Yana bir muammo — iqlim migratsiyasining kuchayib borayotgani. Ekologik o‘zgarishlarning salbiy ko‘rinishi bo‘lgan mazkur yo‘nalishda aniq xalqaro mexanizm va huquqiy baza hozirgacha mavjud emas. O‘zbekiston bu jiddiy masalada keng xalqaro sheriklik va muvofiqlashtirilgan siyosat yuritish bo‘yicha global pakt qabul qilish tarafdori ekani bildirildi.

Prezidentimizning nufuzli minbardan yangragan nutqi yetakchi xalqaro ekspertlar, siyosiy arboblar davrasida jiddiy qiziqish uyg‘otdi. Nutqda keltirilgan global va mintaqaviy ahamiyatga ega taklif va tashabbuslarda dunyo xalqlarining manfaatlari mujassam bo‘lib, bu, o‘z navbatida, O‘zbekistonimizning jahon ayvonidagi obro‘ va nufuzini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuhrat Aslanov,
O'zLiDeP Siyosiy Kengashi a’zosi,
Oliy Majlis Senatining Yoshlar, xotin-qizlar,
madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi a’zosi.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?