"Ishbilarmon ayol – 2026": Andijonlik tadbirkor ayollar yutug‘i e’tirof etildi
Andijon viloyatida O‘zLiDePning «Xalq bilan birga» umummilliy dasturi doirasida «Ishbilarmon ayol – 2026» ko‘rik-tanlovining hududiy-respublika bosqichi o‘tkazildi.
Unda viloyatning 16 ta tuman va shahridan kelgan tadbirkor, hunarmand hamda fermer ayollar o‘z faoliyati, erishgan yutuqlari va istiqbolli loyihalarini namoyish etdilar.
Tanlov yakunlariga ko‘ra, Marhamat tumanidagi «Bilim – kelajak poydevori» nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori Gulchehra Musidinova birinchi o‘rinni egalladi. Xo‘jaobod tumanidagi «Ali Tex» MCHJ rahbari Muslimaxon Parpiyeva ikkinchi, Jalolquduq tumanidagi «Eldorbek-Elnurbek yerlari» fermer xo‘jaligi rahbari Saltanat Raimqulova esa uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Shuningdek, bir qator ishtirokchilar turli maxsus nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandilar. Gʻoliblar va ishtirokchilarga diplom hamda tashakkurnomalar topshirildi.
Mazkur tanlov xotin-qizlarning tadbirkorlik salohiyatini namoyon etish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va ilg‘or tajribalarini ommalashtirishga xizmat qiladi. Zero, ishbilarmon ayollarning muvaffaqiyati yangi ish o‘rinlari, oilalar farovonligi va hududlar taraqqiyotiga hissa qo‘shadi.