Aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratiladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida migratsiya jarayonlarini boshqarish tizimi takomillashtirish, avtomobillardan foydalanishda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratishga qaratilgan qonun loyihalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Deputatlar dastlab “Migratsiya jarayonlarini boshqarish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini muhokama qildilar.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilish, migratsiya jarayonlarini boshqarish tizimini isloh qilish orqali boshqaruv samaradorligini oshirish, migratsiyasi sohasida xususiy sektor ishtirokini kengaytirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu sa’y-harakatlarga qaramay, migratsiya sohasida huquqni qo‘llash amaliyotini yaxshilash, ushbu sohadagi xizmat ko‘rsatish jarayonlarining shaffofligini ta’minlash, xususiy bandlik agentliklari faoliyatini tartibga solish, ularning mas’uliyatini kuchaytirish zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Mazkur qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga, “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi va “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonunlarga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining vakolatlarini aniqlashtirish, xususiy bandlik agentliklarining huquq va majburiyatlarini kengaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Fraksiya a’zolari qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida deputatlar tomonidan berilgan ko‘plab takliflar e’tiborga olingani va hujjat matnida aks etganligini ta’kidlashdi. Shu bilan birga, loyihadagi ayrim normalar yuzasidan aniqlashtiruvchi savollar, qator takliflar berildi.
Xususan, deputat Shuxrat Sharafutdinov loyiha bilan “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonunning 99-moddasiga kiritilayotgan o‘zgartirishlar bo‘yicha qonun tashabbuskorlarini savolga tutdi. Mutasaddilar ko‘tarilgan masala bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berib o‘tishdi.
Qizg‘in muhokamalardan so‘ng, fraksiya a’zolari mazkur hujjat xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqlarini himoya qilishga qaratilganini hisobga olib, uni ma’qulladilar.
Yig‘ilishda “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ham muhokamalar markazida bo‘ldi.
U bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga “ogohlantirish” jazo chorasini kiritish va ijtimoiy xavfliligi kam bo‘lgan yo‘l harakati xavfsiziligi bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun ogohlantirish jazosini qo‘llashni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Muhokamalar davomida fraksiya a’zolari Erkin Zoxidov, Nodir Jumayev va Muqaddas Axmedovalar loyihada nazarda tutilayotgan yangiliklar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalari, takliflarini bildirdi. Shu bilan birga, qonun loyihasidagi ayrim normalar bo‘yicha aniqlashtiruvchi savollar berdi. Qonun tashabbuskorlari ko‘tarilgan masalalar yuzasidan batafsil ma’lumotlar berib o‘tishdi.
Fraksiya a’zosi Ruslan Sobirov loyihaning ahamiyatiga to‘xtalar ekan, ushbu hujjat avtomobillardan foydalanishda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish, sohada fuqarolarni qiynab kelayotgan ayrim muammolarning bartaraf etilishiga qaratilganini qayd etib, uni qo‘llab-quvvatlash lozimligini bildirdi.
Bahs-munozaralar va savol-javoblardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Yig‘ilishda fraksiya faoliyatiga taalluqli bo‘lgan boshqa qator masalalar ham ko‘rib chiqildi.