Asosiy kontentga o‘tish
Seshanba 13-yanvar 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

O'zLiDeP fraksiyasining 2025 yildagi faoliyati sarhisob qilindi

12.01.2026
75

2025 yil Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati  O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi faoliyatida muhim natijalar va ko‘rsatkichlarga boy bo‘ldi. Fraksiya qonun ijodkorligi, parlament nazorati, saylovchilar bilan ishlash yo‘nalishlarida samarali faoliyat olib bordi.

Bu haqda Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi tomonidan ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun tashkil etilgan press-lanchda ma’lum qilindi. Unda fraksiyaning 2025 yildagi faoliyati yuzasidan jurnalistlarga axborot berildi.

Ta’kidlanganidek, o‘tgan yilda fraksiya saylovoldi dasturida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda, elektorat manfaatlarini himoya qilish, tadbirkorlar huquqlarini ta’minlash, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yanada yaxshilash, iqtisodiy sohadagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash hamda sohaning normativ-huquqiy bazasini takomillashtirishga ustuvor ahamiyat qaratdi.

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi hamda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi birgalikda “Taraqqiyot bloki”ni tuzdi. Parlamentdagi ko‘pchilikni tashkil etgan mazkur ushbu Blok fraksiyalar o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqdi.

“Taraqqiyot bloki”ning tashkil etilishi qonun ijodkorligi jarayonlarida o‘zaro muvofiqlashuvni kuchaytirish, iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlovchi qonun loyihalarini tizimli ilgari surish, tadbirkorlik, xususiy mulk, investitsiya, raqobat muhitini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni birlashtirish imkonini berdi.

Blok doirasida fraksiyalar o‘rtasida doimiy maslahatlashuv mexanizmi yo‘lga qo‘yilib, qonun loyihalarini ishlab chiqish, ularni takomillashtirish hamda parlament nazorati tadbirlarini amalga oshirishda o‘zaro hamjihatlik ta’minlanmoqda. Bu esa partiyalarning dasturiy maqsad va vazifalarini samarali amalga oshirish, parlamentda barqarorlik va izchillikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Hisobot yilida fraksiya a’zolarining tashabbusi bilan qonun ijodkorligi yo‘nalishida 2 ta qonun loyihasi ishlab chiqilib, Qonunchilik palatasiga kiritildi. Shuningdek, fraksiya a’zolari boshqa fraksiyalar bilan hamkorlikda 14 ta qonun loyihasini ishlab chiqishda hamtashabbuskor bo‘ldi.

Ushbu qonun loyihalarida fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimida institutsional yaxlitlikni ta’minlash, noshirlik faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish, mehnat munosabatlarini zamonaviy talablar asosida tartibga solish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan muhim normalar nazarda tutilgan.

Fraksiya tomonidan Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqilayotgan muhim qonun loyihalarini hududlarda muhokama qilish, jamoatchilik fikrini o‘rganish amaliyoti ham keng qo‘llanildi. Jumladan, hududiy partiya tashkilotlari bilan hamkorlikda 22 ta qonun loyihasining joylardagi muhokamalari tashkil etildi. Muhokamalar davomida fuqarolar, partiya elektorati va soha mutaxassislari tomonidan bildirilgan takliflar belgilangan tartibda mas’ul qo‘mitalarga kiritildi.

Tadbirda qayd etilganidek, ko‘rib chiqilgan yilda O‘zLiDeP fraksiyasi tomonidan iqtisodiy sohadagi islohotlar ijrosi, tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash, investitsiya muhitini yaxshilash masalalari yuzasidan parlament nazoratiga ham alohida e’tibor qaratildi.

Hisobot davrida fraksiya a’zolarining joylardagi o‘rganishlari natijasida jami 10 ta parlament nazorati tadbiri amalga oshirildi. Fraksiya tashabbusi bilan 2 ta parlament eshituvi o‘tkazildi. Jumladan, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi hamda Suv xo‘jaligi vazirligi rahbarlarining axborotlari eshitildi.

Shuningdek, fraksiya taklifiga asosan 2 marotaba “Hukumat soati” tashkil etildi. Ularda suv resurslaridan samarali foydalanish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasi ijrosi masalalari muhokama qilindi.

2025 yilda fraksiya tomonidan mansabdor shaxslarga 6 ta parlament so‘rovi, shuningdek, saylovchilar murojaatlari asosida 36 ta deputat so‘rovi yuborildi.

Shuningdek, deputatlarning saylovchilar bilan yuzma-yuz muloqoti izchil davom ettirildi. Hisobot davrida jami 2 786 ta uchrashuv o‘tkazilib, ularda 65 419 nafar aholi, shu jumladan 14 903 nafar tadbirkorlik subyekti vakillari qamrab olindi.

Shu bilan birga, 7 152 ta aholi xonadoni, 3 405 ta tadbirkorlik subyekti hamda 2 625 ta ijtimoiy soha obyektiga tashriflar amalga oshirildi. Ushbu o‘rganishlar davomida aniqlangan masalalar fraksiya majlislarida muhokama qilinib, tegishli vazirlik va idoralarga takliflar kiritildi.

Bundan tashqari, O‘zLiDeP va uning oliy Oliy Majlisdagi fraksiyasi hamkorligida partiya saylovoldi dasturida belgilangan vazifalarni ijro etish maqsadida qator qo‘shma loyihalar hayotga tatbiq etildi. “Bir deputat  yuz ayolga ko‘makchi”, “Ishbilarmon ayol”, “Yoshlar bilan”, “Namunali tomorqachi”, “O‘zLiDeP Press klubi” kabi loyihalar doirasida 30 ming nafardan ziyod aholi qamrab olindi.

Press-lanchda fraksiyaning qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil faoliyati hamda hududlarda o‘tkazilgan saylovchilar bilan yuzma-yuz muloqotlari jarayonlari ommaviy axborot vositalarida muntazam ravishda yoritib borilgani, xususan, o‘tgan davr mobaynida fraksiya faoliyati haqida OAVda jami 36 047 marotaba chiqish qilingani aytib o‘tildi.

Tadbirda fraksiyaning 2026 yilga mo‘ljallangan rejalari, qonun ijodkorligidagi ustuvor yo‘nalishlar, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, investitsiya muhitini yanada yaxshilash, parlament nazoratini kuchaytirish borasidagi ustuvor vazifalar haqida ham atroflicha axborot berildi.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?