“Bliss” rahbari O‘zLiDeP raisiga xorijdan olib kelinadigan uskunalar uchun imtiyoz berish bo‘yicha taklif berdi
Avval xabar berganimizdek, O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Muzrabot tumanidagi “Bliss” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Korxona 25 turdagi ko‘kat turlarini yetishtirib, Rossiya Federatsiyasiga eksport qilish bilan shug‘ullanadi. 350 gektar yer maydonida ayni paytda rozmarin, shivit, shavel, yalpiz, kimyan, rukola kabi ko‘kat mahsulotlari yetishtirilmoqda. MCHJ bu yilning o‘zida 5 million AQSH dollari miqdorida mahsulot eksport qilishni o‘z oldiga reja qilgan. Bugungacha 1 million 570 ming AQSH dollari miqdorida mahsulot eksport qilindi.
Muloqotda korxona rahbari xorijdan olib kelinadigan uskunalar uchun bojxona to‘lovlaridan imtiyoz berish kerakligini ta’kidladi. A.Xaitov nafaqat mahalliy, balki xalqaro bozorda ham raqobatbardosh mahsulotlar yetishtirib, mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirishga hissa qo‘shayotgan korxonani qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini ma’lum qildi.