Chilonzordagi sayyor qabulda 150 dan ortiq muammoga yechim topildi
O‘zLiDeP Toshkent shahar va Chilonzor tuman Kengashlari tomonidan “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida sayyor qabul o‘tkazildi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengash deputatlari, partiya faollari, tuman hokimligi va mutasaddi tashkilot vakillari ishtirok etdi.
Sayyor qabulda 237 nafardan ziyod fuqaro ishtirok etib, 152 ta muammoli masala o‘z yechimini topdi. Qabuldan oldin esa Chilonzor tumanidagi mahallalarda istiqomat qilayotgan kam ta’minlangan oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va yolg‘iz yashovchi nuroniylarning holidan xabar olindi, ularning ehtiyojlari o‘rganildi. Sayyor qabul jarayonida yolg‘iz keksa va boquvchisini yo‘qotgan fuqarolar otaliqqa olinib, nogironligi bo‘lgan fuqarolarga nogironlik aravachalari, eshitish moslamalari va davolanish uchun bepul yo‘llanmalar berildi.
Shuningdek, ishsiz fuqarolarni ishga joylashtirish, ehtiyojmand oilalarga turli uskunalar, uy-ro‘zg‘or anjomlari, oziq-ovqat va dori-darmon ko‘rinishida amaliy yordam ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratildi. Eng muhimi, sayyor qabul fuqarolarning dardini eshitish bilan cheklanmay, ularning hayotida aniq va ijobiy o‘zgarishlar qilishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.