Davlat dasturida belgilangan vazifalar mazmun-mohiyati muhokama qilindi
O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi va qator hamkor tashkilotlar bilan hamkorlikda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” munosabati bilan ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturi hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirishga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi. Unda partiya faollari, deputatlar, soha mutaxassislari, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etib, Davlat dasturida belgilangan vazifalarning mazmun-mohiyati va ularni hayotga tatbiq etish masalalari muhokama qilindi. Tadbirda mahallalarni kompleks rivojlantirish, aholining ijtimoiy faolligini oshirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish kabi ustuvor vazifalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Shuningdek, O‘zLiDeP tomonidan Davlat dasturi ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar va partiya tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 105 ta loyiha doirasida joylarda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy hamda ma’rifiy tadbirlar haqida ma’lumot berildi. Qayd etilganidek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan maqsadlarga erishishda mahallalarning o‘rni va ahamiyati tobora ortib bormoqda. Davra suhbati ishtirokchilari ushbu jarayonda davlat va jamoat tashkilotlari, siyosiy partiyalar hamda fuqarolik jamiyati institutlarining hamkorligi muhim ekanini ta’kidlab, O‘zLiDeP mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarni hayotga tatbiq etishda faol ishtirokini davom ettirishini qayd etdi.