Deputatlar muhokamasida: sayyohlar oqimi oshmoqda, ammo muammolar ham bor
O‘zLiDeP Buxoro viloyat Kengashida partiya deputatlik guruhining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda turizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va sohadagi mavjud muammolar atroflicha muhokama qilindi.
Viloyat turizm boshqarmasi mutasaddilari bergan axborotda ta’kidlanishicha, joriy yil davomida viloyatda 82 ta mehmonxona, xostel va oilaviy mehmon uylari tashkil etilib, ularning umumiy soni 675 taga yetdi. “Ramada Encore by Wyndham” kabi yirik ob’yektlarning ishga tushirilishi esa turistlar uchun qo‘shimcha o‘rinlar yaratishga xizmat qilmoqda.
Hisobot davrida Buxoroga 2,25 milliondan ortiq xorijiy turist tashrif buyurib, ko‘rsatilgan xizmatlar eksporti 614 million dollarga yetdi. Xalqaro biyennale, “Ipak va ziravorlar” festivali, ichki turizm yarmarkalari va qator madaniy tadbirlar sayyohlarni jalb etishda muhim omil bo‘layotgani qayd etildi. Shu bilan birga, ichki turizm yo‘nalishida ham ijobiy dinamika kuzatilib, respublika hududlaridan 4,1 million nafarga yaqin yurtdoshlarimiz Buxoroga tashrif buyurdi.
Yig‘ilishda yosh gid-ekskursovodlar tayyorgarligini kuchaytirish, xorijiy amaliyotni yo‘lga qo‘yish, turistik qishloqlar sonini oshirish va infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha rejalar belgilandi. Buxoro – Grozniy va Buxoro – Lahor shaharlari bilan imzolangan hamkorlik memorandumlari esa xalqaro turizm aloqalarini yanada rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida viloyatda turizmni yanada rivojlantirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.