Asosiy kontentga o‘tish
Payshanba 06-Noyabr 2025-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Dunyo ahamiyatiga molik tarixiy voqea

03.11.2025
75

Samarqand asrlar davomida ilmu ma’rifat, savdo va madaniyatning yirik markazi bo‘lib kelgan. Bu shahardan Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Mirzo Ulug‘bek kabi dunyoga mashhur allomalar yetishib chiqqan.

Registon maydoni, Amir Temur maqbarasi, Ulug‘bek rasadxonasi, Shohi Zinda va Bibixonim masjidi kabi o‘nlab tarixiy yodgorliklari jahon madaniy merosining durdonalari hisoblanadi. Zamonaviy infratuzilma va tarixiy meros uyg‘unligi bu shaharni xalqaro anjumanlar, madaniy forumlar va yirik konferensiyalarni o‘tkazishga munosib, betakror maskanga aylantirmoqda.

Masalan, shu kunlarda Samarqand BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti – YUNЕSKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga mezbonlik qilayotganida ham o‘ziga xos ramziylik bor.

Qirq yil ichida ilk bor YUNЕSKO Bosh qarorgohidan tashqarida – ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand zaminida bo‘lib o‘tayotgan ushbu nufuzli anjuman har birimizga katta faxr-iftixor bag‘ishlaydi. Zero, sakson yillik yubileyini nishonlayotgan tashkilot o‘tgan davr mobaynida ta’lim, ilm-fan, madaniyat, san’at, axborot sohasida global hamkorlik, o‘zaro ishonch va hamjihatlik borasida jahondagi nufuzli institut sifatida o‘zini namoyon etib kelmoqda.

Keyingi yillarda O‘zbekiston va YUNЕSKO o‘rtasidagi konstruktiv muloqot izchil rivojlanib, sheriklik munosabatlari mustahkamlanib bormoqda. O‘zbekistonning YUNЕSKO bilan hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarilib, mamlakatimizning obro‘-nufuzini yanada yuksaltirishda, uning jahon hamjamiyati bilan ikki va ko‘p tomonlama hamkorligini yanada kengaytirishda tashkilot muhim platforma vazifasini o‘tab kelmoqda.

O‘zbekistonning tashabbusi bilan “Xiva jarayoni: Markaziy Osiyoda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish” rezolyutsiyasi, “Kichik yoshdagi bolalarga g‘amxo‘rlik qilish va ta’lim berish bo‘yicha Toshkent deklaratsiyasi” hamda “Axborotdan erkin foydalanish xalqaro kuni munosabati bilan Toshkent deklaratsiyasi” kabi muhim hujjatlar qabul qilingani hamda tashkilotning maxsus ro‘yxatlariga yurtimizning bir qator yangi obyektlari va madaniy qadriyatlari kiritilgani ham fikrimizning yaqqol isbotidir.

Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ushbu anjumanning ochilish marosimida ishtirok etib, o‘z nutqida bir qator amaliy tashabbuslarni ilgari surdi. Bu takliflar esa ko‘plab siyosatchilar, olimlar, jamoat arboblari va ekspertlarning katta e’tiboriga sazovor bo‘ldi.

Xususan, nutqda davlatlar o‘rtasida bilim va texnologiyalar, raqamli resurslardan foydalanish bo‘yicha tafovut ortib borayotgani, buning natijasida imkoniyatlar tengsizligi va qashshoqlik kuchayotgani qayd etilib, bunday murakkab vaziyat YUNЕSKOning asosiy vazifalarini to‘liq amalga oshirish bo‘yicha sa’y-harakatlarimizni har qachongidan ham ko‘proq birlashtirishni taqozo etayotgani urg‘ulandi.

Ma’ruzada aytib o‘tilganidek, inklyuziv ta’limni rivojlantirish va sohada sun’iy intellekt texnologiyalarini keng qo‘llash bugungi kunning dolzarb vazifasiga aylanmoqda. Bunday sharoitda esa jismoniy va ijtimoiy xususiyatlaridan qat’i nazar, har bir bolaga ta’lim olishi uchun teng imkoniyatlarni yaratib berish lozim. Bu borada YUNЕSKOning alohida ehtiyojli bolalar uchun Inklyuziv ta’limni rivojlantirish platformasini joriy etish taklifi ilgari surilgani alohida diqqatga sazovor.

Davlatimiz rahbarining Jahon professional ta’lim sammitini o‘tkazish tashabbusi ham muhim ahamiyatga ega bo‘lib, bu ta’lim sohasida o‘zaro bilim va tajriba almashish uchun xalqaro muloqot formatini yaratishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Mamlakatimiz yetakchisining YUNЕSKO shafeligida barcha qit’alarning yetakchi oliygohlari, pedagogika va ilmiy-tadqiqot institutlari vakillari ishtirokida Sun’iy intellekt etikasi bo‘yicha xalqaro ekspertlar anjumanini o‘tkazish taklifi ham e’tiborga molik bo‘lib, bu anjuman ishtirokchilari tomonidan yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlandi.

Qayd etish joizki, ushbu nufuzli anjumanning ko‘hna Samarqandda o‘tkazilishi nafaqat madaniy ahamiyatga ega, balki ilmiy hamda iqtisodiy jihatdan ham ulkan voqeadir. Bu o‘z navbatida, O‘zbekistonning tashkilot g‘oyalari va qadriyatlariga sodiqligi, shuningdek, tinchlik, o‘zaro anglashuv va barqaror taraqqiyot yo‘lidagi global muloqotni rivojlantirishga faol hissa qo‘shishga qat’iy intilishining yorqin tasdig‘i hamdir. Chunki mazkur tadbir mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirib, turizm industriyasi rivojiga katta turtki beradi.

YUNЕSKOning “Barqaror taraqqiyot uchun ta’lim” dasturi doirasida O‘zbekiston tajribasi xalqaro darajada taqdim etiladi. Ilmiy muhokamalar, panel sessiyalar va seminarlarda iqlim o‘zgarishi, ekologiya, madaniy merosni raqamlashtirish, ta’limda innovatsion usullarni qo‘llash kabi zamonaviy mavzularga e’tibor qaratiladi. Eng muhimi, bu tadbir ortidan mahalliy aholi uchun ham yangi imkoniyatlar yaratiladi.

Turizm sohasi xodimlari, tadbir tashkilotchilari va ixtisoslashgan xizmatlar uchun ish o‘rinlari ko‘payishi kutilmoqda. Tadbir doirasida yoshlar uchun maxsus ta’limiy dasturlar, forum va mahorat darslari ham tashkil etiladi. Shu orqali yosh avlodning ilmiy salohiyatini oshirish, global fuqarolik g‘oyalarini singdirish ko‘zda tutilgan.

Sirasini aytganda, bugun Samarqand dunyoga tinchlik, muloqot va hamjihatlik ramzi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Bu esa sessiyaning asosiy shiori – “Taraqqiyot sari bir damlik va ma’rifat” g‘oyasini jonli ravishda ifodalaydi.

YUNЕSKOning 43-sessiyasi biz uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Bu, nafaqat, O‘zbekistonning madaniy-tarixiy merosini yanada keng namoyon etadi, balki mamlakatimizning xalqaro hamkorlik va diplomatik nufuzi kuchayishiga xizmat qiladi.

 

Abdullo ASLONOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?