Xizmatlar sohasi iqtisodiy o‘sishning asosiy drayveri bo‘ldi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida dastlab Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Melonining mamlakatimizga rasmiy tashrifining yakunlari keng muhokama qilindi.
Deputatlar O‘zbekiston — Italiya munosabatlari haqida to‘xtalar ekan, keyingi yillarda tovar ayirboshlash hajmi, shu jumladan yetkazib berilayotgan mahsulotlar turining kengaygani hisobiga qariyb 3 barobar oshganligini alohida qayd etdilar.
Qo‘shma korxona va loyihalar soni 2 barobar ko‘payib, Italiyaning yetakchi kompaniyalari bilan metallurgiya, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, turizm va boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli kooperatsiya yo‘lga qo‘yilganini ta’kidladilar.
Italiya Respublikasi Bosh vazirining tashrifi va uning doirasida erishilgan kelishuvlar ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash va yanada rivojlantirish, Yevropa Ittifoqi davlatlari bilan aloqalarni kengaytirishda yangi bosqichni belgilab berishi urg‘ulandi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2024-yil yakunlari bo‘yicha ijrosi ham ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, davlat budjetining 2024-yildagi ijrosi “2024-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan budjet parametrlari doirasida amalga oshirilgan bo‘lib, jahonda xalqaro savdodagi murakkab vaziyatlarga qaramasdan o‘tgan yilda ham barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash imkonini berdi.
Xususan, yalpi ichki mahsulot hajmi 2023-yilga nisbatan 6,5 foizga, iqtisodiy o‘sishning asosiy drayveri bo‘lgan xizmatlar sohasi 12,9 foizga, qurilish sohasi 8,8 foizga hamda sanoat sohasi 6,8 foizga o‘sgan.
Deputatlar Davlat budjeti ijrosi barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash, har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish hamda atrof-muhitni muhofaza qilish dasturlarini amalga oshirishga qaratilganini alohida ta’kidladilar.
Shu bilan birga, erishilgan natijalar qatori ayrim kamchiliklar mavjudligi aytib o‘tildi. Xususan, hisobot davrida budjetdan yetarlicha mablag‘lar ajratilishiga qaramasdan ayrim vazirlik va idoralar mablag‘larni to‘liq o‘zlashtira olmagani haqli e’tirozlarga sabab bo‘ldi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2025-yil birinchi choragidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobot ham muhokama qilindi.
Ma’lum qilinganidek, jahonda xalqaro savdodagi murakkab vaziyatlarga qaramay, yalpi ichki mahsulot hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6,8 foiz, sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish 6,5 foiz, bozor xizmatlari 12,6 foiz, qurilish ishlari 10,8 foiz va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish 3,8 foizga oshgan.
Shuningdek, hisobot davrida davlat budjeti daromadlari 104,5 foizga bajarilgani hamda xarajatlar bo‘yicha reja ko‘rsatkichlari 92 foizni tashkil qilgani budjet barqarorligi ta’minlanayotganidan dalolat bermoqda.
Muhokamalar davomida erishilgan natijalar bilan birga, ayrim xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani tanqidiy baholandi. Fraksiya a’zolari ushbu kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish bo‘yicha bir qator taklif va tavsiyalar berdilar.
Yig‘ilishda kun tartibiga kiritilgan masalalar atroflicha ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.