"Ishbilarmon ayol-2024" ko'rik-tanlovining hududiy respublika bosqichi o'tkazildi
“Magic city” istirohat bog‘ida joylashgan “Registon” maydonida O‘zLiDeP Toshkent shahar Kengashi tomonidan “Va’da emas natija, ertaga emas bugun” hamda “Erkin va farovon, qudratli yangi O‘zbekistonni birgalikda quramiz!” shiori ostida saylovoldi targ‘ibot tadbiri hamda “Ishbilarmon ayol-2024” ko‘rik-tanlovining hududiy respublika bosqichi o‘tkazildi.
Unda tuman bosqichlarida fahrli o‘rinlarni egallagan 40 nafar ishbilarmon xotin-qizlar o‘zlarining ishlab chiqargan mahsulotlarining ko‘rgazmalari bilan ishtirok etdilar.
Ko‘rik-tanlov davomida sevimli san’atkorlar kuy-qo‘shiqlari bilan barchaga yaxshi kayfiyat ulashdi.
Ko‘rik-tanlov so‘ngida barcha ishtirokchilarga faol ishtiroklari uchun tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Shuningdek “Zamonaviy tashabbuskor ayol”, “Yilning muruvvatli ishbilarmon ayoli”, “Eng yosh, faol ayol tadbirkor”, “Investitsiyalarni jalb qilishda tashabbus ko‘rsatgan ishbilarmon ayol” hamda “Eng shijoatli ayol” kabi nominatsiyalari ham o‘z egalariga topshirildi.
Eng ko‘p ishchi o‘rni yaratgan, eksportga yo‘naltirilgan yoki import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarib kelayotgan va notiqlik kabi baholash me’zonlari asosida 1-2-3 o‘rin egalari aniqlanib, g‘oliblarga diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.