Imzo beruvchilarga O‘zLiDePning amaliy ishlari haqida ma’lumotlar berilmoqda
Joylarda saylovchilar O‘zLiDePning 27 oktyabr kuni Parlament va mahalliy Kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylovlarda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlab imzo berishmoqda. Buxoro viloyatida ham imzo to‘plash jarayoni qizg‘in davom etyapti. Jumladan, Kogon shahridagi “Temiryo‘lchilar” nomli istirohat bog‘i, Gʻijduvon tuman markazidagi “Yoshlar saylgohi” maydoni hamda Jondor tuman davlat xizmatlari markazida imzo to‘plash tadbiri yuqori saviyada o‘tkazildi.
Konchilar shahri – Olmaliqda ham xayrixohlarimiz partiyaning saylovda ishtirokini qo‘llab-quvvatlash maqsadida imzo berishmoqda. Imzo yig‘ish jarayonida saylovchilarga partiyamizning tadbirkorlikni rivojlantirish, qonunchilikni takomillashtirish hamda saylovchilar bilan ochiq muloqotlarda ko‘tarilgan muammolarni hal etish yo‘nalishidagi amaliy ishlari haqida axborot berildi.
Farg‘ona va Andijonda tashkil etilgan tadbirlarda esa saylovchilarga partiyamizning maqsad-vazifalari, saylovga doir qonunchilik yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi. Sirdaryolik imzo beruvchilar O‘zLIDeP tashabbusi bilan oliy ta’lim va maktabgacha ta’limda xususiy sektor ulushining ortishi natijasida paydo bo‘layotgan sog‘lom raqobat va ta’lim sifatining o‘sishi kabi yo‘nalishlarda ma’lumotlarga ega bo‘lishdi. Shuningdek, tadbirkor yoshlar va ayollarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hayotga tatbiq etilayotgan loyihalar haqida so‘z yuritildi. Joylarda imzo berish jarayonlari davom etmoqda.