Yakshanba 15-Iyun 2025-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Investorlar uchun ochiq maydon: Toshkentdagi xalqaro forum natijalari

11.06.2025
120

IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi nafaqat Oʻzbekiston, balki butun mintaqa uchun muhim voqea sifatida tarixda qoladigan tadbir boʻldi. Jahonning 100ga yaqin mamlakati vakillari, xalqaro tashkilotlar, biznes olami etakchilari bu forumda ishtirok etishi — mamlakatimizga boʻlgan ishonch va qiziqishning yorqin ifodasi boʻldi.

Forum avvalida, Prezident jahondagi keskin geosiyosiy vaziyatni ochiq va real baholadi. Qurollanish poygasi, xalqaro huquq normalarining inkor etilishi, oziq-ovqat xavfsizligi va iqlim muammolarining yetarlicha e'tiborsiz qolishi — insoniyatning umumiy muammosiga aylanganini qayd etdi. Bu vaziyatda tinchlikni saqlash va barqaror taraqqiyotni ta'minlashda investisiya, muloqot va adolatli yondashuvlar asosiy omil boʻlishi kerakligini ta'kidladi. Afgʻonistondagi vaziyatga ham alohida toʻxtalib, uni xalqaro maydondan chetlatmaslik, aksincha, iqtisodiy rivojlanish yoʻliga olib chiqish zarurligini bildirdi.

Mamlakat ichidagi islohotlar va iqtisodiy barqarorlik yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlar ham nutqda keng yoritildi. Yalpi ichki mahsulotning ikki baravarga oʻsishi, investisiya va eksport hajmlarining ortishi — olib borilayotgan islohotlarning samarasi ekani alohida ta'kidlandi. Xalqaro reyting agentliklari va tashkilotlar tomonidan Oʻzbekiston iqtisodiyotiga berilgan ijobiy baholar bu jarayonning xalqaro miqyosda ham e'tirof etilayotganidan dalolat beradi.

Investitsiya muhitini yaxshilash va iqtisodiyotning yangi drayverlarini joriy etish boʻyicha toʻrtta asosiy yoʻnalish belgilandi. Birinchisi – “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish boʻlib, bu borada 6 milliard dollarlik investisiya jalb qilingan. Elektr energiyasini qayta tiklanuvchi manbalar hisobiga ishlab chiqarish koʻrsatkichlari yil sayin oshmoqda. Ikkinchi yoʻnalish – raqamli iqtisodiyot va sun'iy intellekt. IT eksporti oʻsmoqda, “data markaz”lar, milliy AI modeli, “Bir million sun'iy intellekt etakchilari” loyihasi – barchasi raqamlashgan dunyoda Oʻzbekistonning etakchi oʻrin egallashga intilayotganini koʻrsatadi.

Uchinchi yoʻnalish moliyaviy sektorni modernizasiya qilishga qaratilgan. Venchur sarmoyalar, qayta sugʻurta tizimi, kiberxavfsizlik platformalari — bularning barchasi moliyaviy mustahkamlikni ta'minlashga xizmat qiladi. Toʻrtinchi yoʻnalish esa texnologik minerallarni oʻzlashtirish va ishlab chiqarishni kengaytirishdan iborat. 3 trillion dollarlik er osti boyliklarini uzoq muddatli istiqbolli sarmoyaviy sohalarga aylantirish rejalashtirilgan.

Investorlar uchun kafolatlar va qulay muhit yaratish ham nutqning eng muhim nuqtalaridan biri boʻldi. “Milliy rejim”, “yagona darcha” tamoyili, ortiqcha tekshiruvlardan himoya qilish tizimi, xususiylashtirish jarayonlari — barchasi investorning manfaatlarini kafolatlashga qaratilgan. “Milliy investisiya jamgʻarmasi” tashkil qilinishi, Franklin Templeton kabi nufuzli kompaniyalarning jalb qilinishi buning yorqin misoli.

Transport va logistika sohasidagi islohotlar ham investisiya muhitini kuchaytirishda muhim ahamiyatga ega. Samarqand, Buxoro, Urganch kabi shaharlardagi aeroportlarni xususiy sheriklarga berish, “Yangi Toshkent” loyihasi doirasida mega shahar barpo etish, multimodal xab qurilishi — bularning barchasi mamlakatning iqtisodiy qon tomirini yangilashga qaratilgan.

Forumda Markaziy Osiyo davlatlari bilan mintaqaviy hamkorlik masalalari ham asosiy oʻrinni egalladi. Qoʻshni davlatlar bilan tovar aylanmasining 3,5 barobar oshishi, Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston temir yoʻlining qurilishi, energetika va infratuzilma loyihalari – barchasi mintaqadagi hamjihatlik va oʻzaro ishonchning yuksalayotganidan dalolat beradi. Prezident “Investisiya va savdo uchun yaxlit hudud” konsepsiyasini ilgari surdi va xalqaro tashkilotlarni yangi moliyaviy mexanizmlarni yoʻlga qoʻyishga chaqirdi.

IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi natijalari Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi oshib borayotgani, islohotlar chuqur va tizimli yoʻlga qoʻyilgani, mamlakat investorlar uchun ochiq va kafolatli makonga aylanayotganini koʻrsatdi. Prezident nutqida ham iqtisodiy, ham siyosiy jihatdan barqaror rivojlanishning asosiy yoʻnalishlari belgilab berildi. Endilikda mazkur vazifalarni amalga oshirish, aniq tashabbuslar orqali xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash – davlatimiz oldida turgan strategik maqsadlardan biri boʻlib qoladi.

Abdullo Aslonov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo'mitasi raisi o‘rinbosari.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?