Asosiy kontentga o‘tish
Dushanba 29-dekabr 2025-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Iqtisodiy islohotlar xalq farovonligiga xizmat qiladi

29.12.2025
104

Iqtisodiyotni innovasion rivojlantirish – 2026 yil islohotlarining asosiy yo‘li

Prezidentimiz Oliy Majlisga va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida 2026 yilda amalga oshiriladigan ustuvor islohotlar aniq belgilab berildi. Davlatimiz rahbari global raqobat sharoitida barqaror taraqqiyotga erishish uchun iqtisodiyotni tubdan yangilash, zamonaviy yondashuvlar asosida rivojlantirish zarurligini alohida ta’kidladi.

Ikkinchi ustuvor yo‘nalish sifatida iqtisodiyotni texnologik va innovasion o‘sish modeliga o‘tkazish vazifasi qo‘yildi. Ta’kidlaganidek, faqat yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarayotgan davlatlar jahon bozorida munosib o‘rin egallamoqda. Shu bois, barcha sohalarda samaradorlik, resurs tejamkorligi va innovatsiya islohotlarning bosh mezoniga aylanadi.

Murojaatnomada investisiya siyosatiga ham yangicha yondashuv belgilandi. Kelgusi yillarda jalb etiladigan har bir dollar investisiya ilg‘or texnologiyalar transferiga, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishga, mahalliy kadrlarni zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga o‘qitishga xizmat qilishi shartligi qayd etildi. Strategik investorlar uchun “yagona darcha” asosida ishlaydigan elektron platforma joriy etilishi sarmoyaviy muhitni yanada yaxshilaydi.

Shuningdek, sanoatni texnologik transformatsiya qilish, “Industriya 4.0” yechimlarini joriy etish, qo‘shilgan qiymat zanjirini kengaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli dasturlar amalga oshiriladi. 2026 yilda o‘nlab milliard dollarlik yangi sanoat va infratuzilma loyihalari boshlanib, yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratiladi. Bu iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish va milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.

Kapital bozorini rivojlantirish, startaplar, fintex va venchur moliya instrumentlarini qo‘llab-quvvatlash, “soya” iqtisodiyotini qisqartirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ham 2026 yil islohotlarining muhim qismi hisoblanadi. Deputat sifatida biz ushbu islohotlarning qonunchilik asoslarini mustahkamlash, investisiya va tadbirkorlik uchun ochiq, shaffof va ishonchli muhit yaratish yo‘lida faol ishtirok etamiz.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?