Asosiy kontentga o‘tish
Juma 11-sentyabr 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Virtual qabulxona
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

"Ishbilarmon ayol" tanlovi eng chekka hududlardan yangi tadbirkor ayollarni kashf qilyapti

10.09.2026
11

“Ishbilarmon ayol – 2026” tanlovining Nukus shahar bosqichi O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi “Ayollar qanoti” tashabbusi bilan Nukus shahridagi Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida tashkil etildi.
Tanlovda turli sohalarda samarali faoliyat yuritayotgan, ish o‘rinlari yaratayotgan, aholi bandligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shayotgan, shuningdek, tadbirkorlikda o‘z tajribasi va tashabbuslari bilan boshqalarga namuna bo‘layotgan xotin-qizlar ishtirok etdi.Ishtirokchilarning faoliyatini baholashda nafaqat tadbirkorlik ko‘lami, balki yaratilgan ish o‘rinlari, aholi farovonligiga qo‘shayotgan hissasi, ijtimoiy mas’uliyati, yoshlar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi tashabbuslari ham inobatga olindi.

Tanlov yakuniga ko‘ra, birinchi o‘ringa Oygul Tasbayeva munosib deb topildi. Ko‘p tarmoqli tadbirkor Oygul Tasbayeva bugungi kunda o‘z faoliyatini izchil kengaytirib, qariyb 300 ta yangi ish o‘rni yaratgan. Uning tadbirkorlik faoliyati nafaqat ishlab chiqarish hajmini oshirish, balki aholi, ayniqsa, xotin-qizlar bandligini ta’minlashda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.Tadbirkor uchun mamlakatimizda, xususan, Qoraqalpog‘istonda tadbirkorlikni rivojlantirishga yaratilgan imkoniyat va imtiyozlardan samarali foydalanish uchun keng sharoitlar yaratilgan. Jumladan, u mol-mulk va yer solig‘idan 2027 yilga qadar ozod etilgan. Shuningdek, korxonada elektr energiyasidan 30 foizlik imtiyoz asosida foydalanilmoqda.

Ikkinchi o‘rinni Ra’no Yesbergenova egalladi. Uning tadbirkorlik faoliyati natijasida 16 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. E’tiborlisi, tadbirkor ijtimoiy himoyaga muhtoj oila a’zolarini ish bilan ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratib kelmoqda. Bu esa tadbirkorlikning nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy ahamiyatini ham yaqqol namoyon etadi. Bugun Ra’no Yesbergenova kabi ishbilarmon ayollar o‘z faoliyati orqali oilalar daromadini oshirish, xotin-qizlarni mehnatga jalb etish va mahallada bandlikni ta’minlashga munosib hissa qo‘shmoqda.Uchinchi o‘rin sohibi esa Guljahon Zarimova bo‘ldi. Hunarmandlar uyushmasi a’zosi bo‘lgan Guljahon Zarimova milliy hunarmandchilik an’analarini asrab-avaylash va uni yosh avlodga yetkazish bilan birga, hunarni barqaror daromad manbaiga aylantirish borasida ham samarali ish olib bormoqda. U har ikki oyda 5 nafar kam ta’minlangan oila a’zosini shogirdlikka qabul qilib, ularga hunar o‘rgatmoqda.

Aslida, “Ishbilarmon ayol – 2026” tanlovida qayd etilgan har bir natija ortida katta mehnat, tashabbus va izlanish mujassam. Bir tadbirkor tomonidan yaratilgan har bir ish o‘rni bir oilaning daromadi, bir ayolning iqtisodiy mustaqilligi, bir yoshning kelajakka ishonchi demakdir.Shu ma’noda, tanlov oddiy bellashuv emas, balki xotin-qizlarning tadbirkorlik sohasidagi imkoniyatlarini namoyon etish, ularning ilg‘or tajribasini ommalashtirish va yangi tashabbuslarga keng yo‘l ochishga xizmat qilayotgan muhim maydondir.

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi uchun tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, xususiy mulk va tashabbusni rag‘batlantirish, xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish doimiy ustuvor vazifalardan biri bo‘lib kelmoqda. “Ishbilarmon ayol – 2026” tanlovi ham ana shu maqsadlarni hayotga tatbiq etish, o‘z mehnati bilan yangi imkoniyatlar yaratayotgan ayollarni keng jamoatchilikka tanitish va ularning tajribasini ommalashtirishga xizmat qilmoqda.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?