Sun’iy intellekt: bugun va zamon talabi
Toshkent viloyatida joylashgan “Astrum IT Academy”da yoshlar va parlament hamda vazirlik, idoralar rahbarlari bilan uchrashuv tarzida o‘tkazildi.
“Sun’iy intellekt: bugun va zamon talabi” mavzusidagi uchrashuvda O‘zLiDeP Toshkent viloyati Kengashi raisi To‘lqinjon Fayziyev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Pak Viktor, O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi Yoshlar bilan ishlash bo‘limi mudiri Otabekxo‘ja Sobitov, Vazirning yoshlar siyosati bo‘yicha maslaxatchisi, Raqamli texnologiyalar vazirligi Sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish bo‘limi bosh mutaxassisi Xabibulla Anvarovlar ishtirok etishdi.
Dastlab partiya tomonidan “Astrum IT Academy”ga taklif etilgan viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari talabalari, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining bitiruvchi sinf o‘quvchilariga sun’iy intellekt yordamida ta’lim berishning innovatsion usuli yo‘lga qo‘yilgan, nafaqat O‘zbekistondagi, balki O‘rta Osiyodagi birinchi va eng katta IT Akademiya bo‘ylab ekskursiya tashkil qilindi.
Ekskursiya jarayonida yoshlar dasturlash sohasida kadrlar tayyorlash va ularni o‘qitish bo‘yicha yetakchi hisoblangan akademiyaning zamonaviy texnologiyalar, 24/7 ishlaydigan o‘quv kampusi, mingga yaqing iMac'lar va bo‘lajak dasturchilarga bu yerda yaratilgan qulay sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi.
Tadbirda yoshlar o‘rtasida axborot texnologiyalari sohasini yanada ommalashtirish, bu borada yetuk kadrlarni tayyorlash muhim yangi bosqichga ko‘tarilgani, axborot texnologiyalari bilimlari bugun dunyo taraqqiyotining asosi bo‘lib ulgurgani, jamiyatda sohalarni raqamlashtirish esa zamon talabi ekani xususida fikr yuritildi.
Tadbirda ishtirok etgan yoshlar mavzu doirasida o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga soha mutaxassislaridan batafsil javoblar olishdi.
Zuxro Mirzohamdamova
O‘zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi bo‘lim mudiri