Yakshanba 15-Iyun 2025-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Iste’molchilar huquqlari himoya qilinadi

10.06.2025
99

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish, muvofiqlikni baholash organlari mas’uliyatini oshirish hamda tadbirkorlarga yengillik berishga doir va boshqa qator qonun loyihalari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Deputatlar dastlab mas’uliyati cheklangan jamiyatlar faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda obdon muhokama qildilar.

Ushbu hujjat mas’uliyati cheklangan jamiyatlarning tashkil etilishi, faoliyati, qayta tashkil etilishi va tugatilishi, ularni boshqarish sohasidagi munosabatlarni hamda ishtirokchilarning o‘zaro munosabatlarini tartibga solishga qaratilgan.

Loyihada jamiyat nafaqat litsenziya, balki boshqa ruxsat etuvchi hujjatlar va xabardor qilish tartibida faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi mumkinligi, shuningdek jamiyatlarning filial va vakolatxonalarini ochish tartiblari belgilanmoqda.

Shuningdek, jamiyat boshqaruvida minoritar ishtirokchilarni huquqlarini himoya qilishga doir hamda jamiyat majoritar ishtirokchilarga oid yangi huquqiy normalar aks etmoqda.

Qonun loyihasida jamiyatning afillangan shaxslari, ular bilan bitimlar tuzish, ushbu bitimlar bo‘yicha nizolarni hal etish hamda jamiyat kuzatuv kengashi a’zolari va jamiyat boshqaruvi organlarining fuditsiar javobgarligiga oid yangi huquqiy normalar o‘z ifodasini topyapti.

Muhokamalar davomida qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida fraksiya a’zolari tomonidan berilgan takliflar e’tiborga olinib, hujjat matnida aks ettirilgani va u maromiga yetkazilgani alohida qayd etildi.

Shu bilan birga, fraksiya a’zolari Dilmurod Artiqov, Saydullo Azimov va boshqalar qonun loyihasining ayrim moddalarida nazarda tutilayotgan normalar bo‘yicha qonun tashabbuskorlarini savollarga tutishdi. Ushbu masala yuzasidan o‘z takliflarini, fikrlarini bildirdi. Mutasaddilar ko‘tarilgan savollar yuzasidan batafsil tushuntirishlar berib o‘tdilar.

Deputatlar qonun loyihasining qabul qilinishi jamiyat ishtirokchilari huquqlari va qonuniy manfaatlarining kafolatlarini yanada mustahkamlash, jamiyat faoliyatida zamonaviy korporativ boshqaruv tizimini joriy etishga xizmat qilishini inobatga olib, uni qo‘llab-quvvatladilar.

Yig‘ilishda ko‘rib chiqilgan navbatdagi hujjat — muvofiqlikni baholash organlarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda mahsulotlarni o‘z ixtiyori bilan chaqirib olgan tadbirkorlarga yengillik berishga qaratilgan qonun loyihasi bo‘ldi.

U bilan Fuqarolik kodeksiga, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Standartlashtirish to‘g‘risida”gi va “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunlarga tegishincha muvofiqlikni baholash organlarining mas’uliyatini oshirishga hamda texnik reglamentlar talablariga javob bermaydigan mahsulotni chaqirib olgan tadbirkorlik subyektlarini rag‘batlantirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Qonun loyihasining muhokamasida fraksiya a’zosi Muxsinjon Xolmuxamedov o‘z nuqtayi nazarini bildirib, mazkur hujjat iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish, ularning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, sifatsiz mahsulotlarni bozordan chiqarish jarayonida tadbirkorlar ishtirokini rag‘batlantirish orqali samarali huquqiy mexanizmlarni shakllantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Yig‘ilishda kun tartibidan o‘rin olgan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?