Asosiy kontentga o‘tish
Chorshanba 02-sentyabr 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Virtual qabulxona
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Iqtisodiy yuksalishdan milliy taraqqiyot sari

01.09.2026
123

Kuni kecha Yangi Toshkentda yurtimiz hayotidagi eng ulug‘ va qutlug‘ sanalardan biri — Vatanimiz mustaqilligining 35-yilligi “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh g‘oya ostida keng nishonlandi. Bayram tantanalari xalqimizning istiqlolga bo‘lgan yuksak ehtiromi, Vatan taqdiriga daxldorlik hissi va kelajakka bo‘lgan mustahkam ishonchini yana bir bor yorqin namoyon etdi.

Ayniqsa, davlatimiz rahbarining tantanali marosimdagi nutqi istiqlolning 35-yillik sharafli taraqqiyot yo‘lini sarhisob qilish bilan birga, mamlakatimizning kelgusi o‘n yillikdagi rivojlanish yo‘nalishlarini belgilab bergani bilan alohida ahamiyat kasb etdi. Zero, unda Yangi O‘zbekistonni yanada yuksaltirish, inson qadri va xalq farovonligini ta’minlashga qaratilgan aniq maqsad va ustuvor vazifalar belgilab berildi.

Darhaqiqat, mustaqillik, eng avvalo, bizga shonu sharafimizni, muqaddas dinimizni, ona tilimizni, unutilayotgan milliy qadriyatlarimizni qaytarib berdi. Istiqlol tufayli biz o‘zligimizni angladik, nomi hamisha e’zozda bo‘lgan ota-bobolarimizning munosib vorislari ekanimizni butun dunyoga namoyon etdik. Bu tarixiy jarayon xalqimizning milliy o‘zligini yanada teran anglashi, tarixiy xotirasi va ma’naviy ildizlariga bo‘lgan hurmatini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Keyingi yillardagi siyosiy iroda tufayli bugun “Inson qadri uchun” g‘oyasi davlat siyosatining markaziga olib chiqildi. Birinchi galda “paxta qulligi”, majburiy va bolalar mehnati, konvertatsiya cheklovi hamda “propiska” kabi odamlarni yillar davomida qiynab kelgan muammolarga barham berildi. Eng asosiysi, fuqarolarimiz yuragidagi qo‘rquv va hadik o‘rnini ishonch va xotirjamlik egalladi.

Prezidentimiz tomonidan uzoqni ko‘zlab olib borilayotgan islohotlar natijasida O‘zbekiston dunyoga keng ochildi. Avvalo, yillar davomida dolzarb bo‘lib kelgan chegara masalalari hal etilib, qo‘shni davlatlar bilan do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi. Valyuta, soliq, bojxona va investitsiya siyosatida tub o‘zgarishlar amalga oshirildi. Natijada “Iqtisodiy erkinlik indeksi”dagi o‘rnimizni 80 pog‘ona yaxshilab, “iqtisodiyoti mo‘tadil erkin” davlatlar qatoridan joy oldi.

Keyingi o‘n yilda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligi sezilarli darajada oshdi. Ilgari iqtisodiyotimizga yiliga 2-3 milliard dollar xorijiy investitsiya olib kelingan bo‘lsa, hozirgi paytda 40-50 milliard dollar chet el sarmoyasi jalb qilinmoqda. Yurtimizga investitsiyalar bilan birga ilg‘or texnologiyalar, zamonaviy bilim va yangi iqtisodiy imkoniyatlar kirib kelyapti. Bu oddiy raqam emas. Bu — yangi korxonalar, yangi texnologiyalar, yangi ish o‘rinlari va yangi iqtisodiy imkoniyatlar deganidir.

Yalpi ichki mahsulot hajmining izchil o‘sib borayotgani ham keyingi o‘n yildagi islohotlarning muhim natijalaridan biridir. Uch yil muqaddam 2030-yilga qadar YAIMni 160 milliard dollarga yetkazish maqsadi belgilangan edi. Bugun esa jahon iqtisodiyotidagi murakkab vaziyat va global logistikadagi uzilishlarga qaramay, ushbu marraga shu yilning o‘zidayoq ortig‘i bilan erishilishi kutilmoqda. Bu mamlakatimiz iqtisodiyoti barqaror o‘sish sur’atini saqlab, taraqqiyotning yangi bosqichiga ko‘tarilayotganining yaqqol dalilidir.

Iqtisodiyotimizni yuqori texnologiyalar va mehnat unumdorligiga asoslangan yangi modelga o‘tkazish esa ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar yaratish va raqobatbardoshlikni kuchaytirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, bu zamonaviy va yuqori malakali ish o‘rinlarini ko‘paytirish, aholi daromadlarini oshirish, mamlakatimizni jahon iqtisodiyotida munosib o‘rin egallashi uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Ana shu maqsadlardan kelib chiqib, kelgusi o‘n yilda 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilinishi, iqtisodiyotda yuqori o‘sish sur’atini saqlagan holda, 2030-yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmi 300 milliard dollarga yetkazilishi, sanoatda 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratilishi mamlakatning iqtisodiy salohiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi bilan e’tiborga molikdir. Asosiysi, ular orqali zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari kengayadi, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar hajmi ortib, yangi ish o‘rinlari yaratiladi va aholining turmush farovonligi oshadi.

Yoshlarning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishda startap, venchur va sun’iy intellektni rivojlantirish innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash, yangi biznes loyihalarni hayotga tatbiq etish va zamonaviy ish o‘rinlarini yaratishga turtki beradi. Kichik biznes – o‘rta biznesga, o‘rta korxonalar esa yirik kompaniya va korporatsiyalarga aylanishi uchun yaxlit ekotizim yaratilishi iqtisodiyotda raqobatbardoshlikni kuchaytirish, xususiy sektor salohiyatini oshirish va milliy kompaniyalarning xalqaro bozorlarga chiqishi uchun mustahkam zamin yaratadi.

Prezidentimizning mustaqilligimizning 35-yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi mamlakatimiz bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘lini chuqur sarhisob qilish bilan birga, Yangi O‘zbekistonning kelgusi rivojlanish yo‘nalishlarini belgilab bergan muhim dasturiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Ayni paytda, u xalqimizni yangi marralar sari birlashtiradigan, bugungi yutuqlarni yanada mustahkamlab, kelajakka ishonch bilan intilishga undaydigan muhim siyosiy va ma’naviy dastur sifatida ham katta ahamiyat kasb etadi.

O‘tgan o‘ttiz besh yil ozod Vatanimiz uchun tom ma’nodagi uyg‘onish, tiklanish va yuksalish davri bo‘ldi. Bugun esa Yangi O‘zbekiston oldida yanada ulug‘vor marralar va katta mas’uliyatli vazifalar turibdi. Belgilangan ustuvor yo‘nalishlar, amalga oshirilayotgan islohotlar va ko‘zlangan yuksak maqsadlarning barchasi, eng avvalo, inson manfaati va xalq farovonligini ta’minlashga qaratilgan. Zero, har qanday taraqqiyotning haqiqiy mezoni — inson qadri, uning munosib hayoti va ertangi kunga bo‘lgan mustahkam ishonchidir. Ana shu ezgu maqsadlar Yangi O‘zbekistonni yanada qudratli va farovon kelajak sari yetaklaydi.

 

 

Aktam XAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?