Asosiy kontentga o‘tish
Shanba 27-dekabr 2025-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Iqtisodiy taraqqiyotning yangi bosqichi

27.12.2025
72

2025-yil O‘zbekiston uchun iqtisodiy taraqqiyotda hal qiluvchi, mazmunan mutlaqo yangi bosqichni boshlab bergan yil sifatida tarixga kirdi. Jahonda geoiqtisodiy beqarorlik, global inflyatsiya bosimi va tashqi xavf-xatarlar kuchaygan murakkab sharoitga qaramay, mamlakatimizda barqaror iqtisodiy o‘sish ta’minlandi.

Demokratik islohotlar va o‘zaro manfaatli hamkorlikka asoslangan do‘stona tashqi siyosat hisobiga 2025-yilda barcha sohalarda ulkan yutuqlarga erishildi. Buni tariximizda birinchi marta yalpi ichki mahsulotimiz 145 milliard dollardan, eksportimiz esa 23 foizga oshib, 33,4 milliard dollarga yetkazilgani yaqqol tasdiqlaydi. Oltin-valyuta zaxiralarimiz esa ilk bor 60 milliard dollardan oshdi. Iqtisodiy o‘sish manbalarining diversifikatsiya qilinishi mamlakat iqtisodiyotining barqarorligini mustahkamladi.

Islohotlar jarayonida tadbirkorlik va biznesni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosati darajasida ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Yangi korxonalar tashkil etish, faoliyatni kengaytirish va moliyalashtirish mexanizmlari soddalashtirildi. 2025-yilda 150 mingdan ortiq yangi tadbirkorlik subyektlari tashkil etildi, kichik va o‘rta biznesning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 55 foizdan oshdi. Bank-kredit tizimi orqali tadbirkorlarga ajratilayotgan imtiyozli moliyaviy resurslar hajmining keskin oshirilishi biznesning real sektorga kirib borishiga xizmat qildi.

Soliq siyosatida amalga oshirilgan islohotlar ham iqtisodiy o‘sishning muhim omiliga aylandi. Soliq yukining izchil kamaytirilishi, ayrim soliq stavkalarining pasaytirilishi va soliq ma’murchiligining raqamlashtirilishi tadbirkorlar uchun qulay, shaffof va barqaror muhit yaratdi. Natijada qonuniy faoliyat yuritishga qiziqish ortdi, soya iqtisodiyoti qisqarib, budjet tushumlari barqaror ta’minlandi. Bu jarayon iqtisodiyotni legallashtirish va institutsional islohotlarning samarasini yanada oshirdi.

Qishloq xo‘jaligi sohasidagi islohotlar ham sezilarli natijalar berdi. Klaster va kooperatsiya tizimining kengayishi, suv tejovchi texnologiyalar joriy etilishi, agrobiznesni qo‘llab-quvvatlash choralari qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmini oshirish imkonini berdi. Eksportbop mahsulotlar ulushining ortishi agrosanoat majmuasini aholi bandligi va daromadlarini oshirishda muhim drayverga aylantirdi.

Yurtimizdagi qulay biznes muhiti, demografik o‘sish, inson kapitaliga berilayotgan e’tibor O‘zbekistonni investorlar uchun eng jozibador mamlakatlardan biriga aylantirmoqda. Masalan, joriy yilning o‘zida chet ellik hamkorlar bilan 140 milliard dollarlik yangi investitsiya kelishuvlariga erishildi. Kelgusi yilda 50 milliard dollar xorijiy investitsiyani jalb qilish mo‘ljallangan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi mamlakat hayotida muhim siyosiy voqea bo‘ldi. Unda bu yilda erishilgan yutuqlarni chuqur tahlil qilinib, 2026-yil uchun eng muhim ustuvor maqsad va vazifalar aniq belgilab berildi. Kelgusi yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi islohotlar markaziga inson, uning hayot sifati va farovonligini qo‘yish tamoyilining davomi bo‘ldi.

Murojaatnomada iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish, investitsiya muhitini yanada yaxshilash, raqamli iqtisodiyot, IT, sun’iy intellekt, startaplar va kapital bozorini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Ichki bozorda talabni rag‘batlantirish, aholi daromadi va xarid qobiliyatini oshirish, inflyatsiyani nazorat qilish, uy-joy, xizmatlar, turizm va qishloq xo‘jaligi sohalarini kompleks rivojlantirish vazifalari iqtisodiy o‘sishning yangi manbalarini shakllantirishga qaratilgan.

Ta’kidlaganidek, faqat yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarayotgan davlatlar jahon bozorida munosib o‘rin egallamoqda. Shu bois, barcha sohalarda samaradorlik, resurs tejamkorligi va innovatsiya islohotlarning bosh mezoniga aylanadi.

Murojaatnomada investitsiya siyosatiga ham yangicha yondashuv belgilandi. Kelgusi yillarda jalb etiladigan har bir dollar investitsiya ilg‘or texnologiyalar transferiga, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishga, mahalliy kadrlarni zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga o‘qitishga xizmat qilishi shartligi qayd etildi. Strategik investorlar uchun “yagona darcha” asosida ishlaydigan elektron platforma joriy etilishi sarmoyaviy muhitni yanada yaxshilaydi.

Shuningdek, sanoatni texnologik transformatsiya qilish, “Industriya 4.0” yechimlarini joriy etish, qo‘shilgan qiymat zanjirini kengaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli dasturlar amalga oshiriladi. 2026-yilda o‘nlab milliard dollarlik yangi sanoat va infratuzilma loyihalari boshlanib, yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratiladi. Bu iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish va milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.

Kapital bozorini rivojlantirish, startaplar, fintex va venchur moliya instrumentlarini qo‘llab-quvvatlash, “soya” iqtisodiyotini qisqartirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ham 2026 yil islohotlarining muhim qismi hisoblanadi. Deputat sifatida biz ushbu islohotlarning qonunchilik asoslarini mustahkamlash, investitsiya va tadbirkorlik uchun ochiq, shaffof va ishonchli muhit yaratish yo‘lida faol ishtirok etamiz.

Partiyamiz tadbirkorlik va biznes manfaatlarini himoya qilishni o‘zining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilab, parlamentda mazkur sohani rivojlantirishga qaratilgan qonunchilik tashabbuslarini izchil ilgari surib kelmoqda. Asossiz tekshiruvlarga chek qo‘yish, mulk huquqini himoya qilish, ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish borasida qabul qilingan qonunlar ana shu sa’y-harakatlar samarasidir.

Shu bilan birga, deputatlik va jamoatchilik nazorati orqali joylarda tadbirkorlar, fermerlar va aholining muammolari o‘rganilib, ularni hal etish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqilmoqda. Davlat organlari hisobotlarini eshitish, hududlarga chiqib o‘rganish va ochiq muloqotlar o‘tkazish orqali islohotlar ijrosining ta’minlanishiga salmoqli hissa qo‘shilmoqda.

Xulosa o‘rnida aytish joizki, Prezident Murojaatnomasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar O‘zLiDeP saylovoldi dasturida ko‘zda tutilgan maqsad va vazifalarga to‘liq mos keladi. Partiya va uning fraksiyasi ushbu islohotlarni amalga oshirishda qonun ijodkorligi, parlament nazorati va joylardagi amaliy ishlarni yanada kuchaytirgan holda, iqtisodiyotni yuksaltirish, xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash va tadbirkorlik uchun yanada qulay muhit yaratish yo‘lida mas’uliyat bilan faoliyat olib boradi.

 

Aktam XAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari

 

Saytni yangi dizayni yoqdimi?