Izboskandagi sayyor qabulda 170 ga yaqin murojaat ko‘rib chiqildi
O‘zLiDePning «Xalq bilan birga» umummilliy loyihasi doirasida Andijon viloyatining Izboskan tumanida navbatdagi sayyor qabul o‘tkazildi. Unda deputatlar, tuman hokimligi, mutasaddi tashkilotlar vakillari hamda aholi ishtirok etib, fuqarolarning murojaatlari tinglandi.
Tadbir doirasida mehnat yarmarkasi ham tashkil etilib, ish izlovchilarga bo‘sh ish o‘rinlari taklif qilindi. Sayyor qabulda 170 ga yaqin fuqaro bandlik, kredit, ijtimoiy himoya, elektr ta’minoti, yo‘l va boshqa masalalar bo‘yicha murojaat qildi. Murojaatlarning aksariyati joyida hal etildi, qolganlari bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.
Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi. Nogironligi bo‘lgan 5 nafar fuqaroga zamonaviy elektron nogironlik aravachasi va saxovat qutisi topshirildi. Bu kabi sayyor qabullar aholi bilan ochiq muloqotni mustahkamlash, inson qadrini ulug‘lash va muammolarga manzilli yechim topishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.