Yakshanba 22-Dekabr 2024-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

JAHON SAVDO TAShKILOTIGA A’ZO BO’LISH MAMLAKATIMIZ IQTISODIY SALOHIYATI YANADA YUKSALISHINI TA’MINLAYDI

14.09.2024
257

O’zLiDeP Saylovoldi dasturida ilgari surilgan muhim tashabbuslardan biri Jahon savdo tashkilotiga kirish bo‘yicha faol choralar ko‘rish hisoblanadi.

JSTga a’zo bo‘lish asnosida mamlakatimiz iqtisodiyotining salohiyatini yanada oshirish “O’zbekiston – 2030” strategiyasidan joy olgan muhim maqsadlardan biri hisoblanadi. O’zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi jahon iqtisodiyotining ajralmas qismi sifatida unga a’zo davlatlar orasida o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lishi nuqtai nazaridan katta ahamiyatga ega. Chunki, bugungi kunda dunyodagi eng yirik ushbu iqtisodiy tashkilotga 164 mamlakat a’zo bo‘lib, global savdo va jahon yalpi ichki mahsulotining 95 foizi ularning hissasiga to‘g‘ri keladi. O’zbekiston tovar aylanmasining 97 foizini ushbu davlatlarning birgalikdagi ulushi tashkil etadi.

Ma’lumki, O’zbekiston 2026 yilda bo‘lib o‘tadigan Jahon savdo tashkilotining vazirlar yig‘ilishiga qadar a’zolikka erishishni ko‘zlamoqda. Buning uchun esa milliy qonunchiligimizni xalqaro standartlarga moslashtirish lozim. Bu, o‘z navbatida, yurtimiz hududi orqali o‘tadigan yuk tashuvlar hajmining ortishiga, davlatning qo‘shimcha to‘lovlar bo‘yicha sarf-xarajatlarini transport logistikasi imkoniyatlarini takomillashtirish uchun yo‘naltirishga, transport qatnovlari hajmining kengayishiga ijobiy ta’sir qiladi.

O’zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi qonuniy va institutsional tuzilmalarini xalqaro standartlarga moslashganini ifoda etadi. Ushbu xalqaro tashkilot turli davlatlar orasida kelib chiqadigan turli nizolarni hal qilish sudi orqali bartaraf etishga qodir.

Masalan, tadbirkorimiz JSTga a’zo bo‘lgan biror bir davlatga borib, savdo qilishi jarayonida noqonuniy harakatlarga duch kelgudek bo‘lsa JSTning nizolarni hal qiluvchi sudiga murojaat qilishi mumkin bo‘ladi. Bu mamlakatimiz kompaniyalari va tadbirkorlarining boshqa davlatlarda erkin, qonuniy faoliyat olib borishiga imkon beradi.

Hozirgi paytda milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini xalqaro andozalarga muvofiqlashtirish, bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va takomillashtirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar izchillik bilan hayotga tatbiq etilmoqda.

Davlatimiz rahbarining “Bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va davlat bojxona xizmati organlari tashkiliy tuzilmasini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni, “Intellektual mulk sohasini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori shular jumlasiga kiradi.

Shuni ham ta’kidlash lozim, o‘tgan qisqa davr oralig‘ida milliy qonunchilikni JST bitimlariga uyg‘unlashtirish maqsadida 2023-2024 yillar davomida 24 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilingani holda 40 ga yaqin hujjatlarni uyg‘unlashtirishga erishildi. JSTga qo‘shilish bo‘yicha ishchi guruhlar uchrashuvlarining faollashgani natijasida bugungi kunda 30 dan ortiq davlatlar bilan ikki tomonlama faol muzokaralar olib borilmoqda, 11 mamlakat bilan bozorga kirish bo‘yicha barcha shartlar kelishib olingan.  

Saytni yangi dizayni yoqdimi?