Juma 25-Aprel 2025-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Konstruktiv fikrlar va asosli takliflar o‘rtaga tashlandi

21.04.2025
93

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida Prezidentimiz raisligida shu yil 18-aprel kuni dunyoda yuz berayotgan iqtisodiy tebranishlarning soha va tarmoqlarga ta’sirini kamaytirish chora-tadbirlari muhokamasi bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishining ahamiyati atroflicha muhokama qilindi.

Ushbu masala yuzasidan fraksiya a’zolari o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan oqilona tashqi siyosat va qulay investitsiyaviy muhit natijasida tadbirkorlarga yangi bozorlar ochilayotgani, mahsulotlar turi ko‘payotganligini qayd etdilar.

Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar partiya g‘oya va maqsadlariga uyg‘un va hamohang bo‘lib, O‘zLiDeP faollari va uning parlamentdagi fraksiya a’zolari ushbu ezgu maqsadlar uchun bor kuch va bilimlarini safarbar etishi, sohaga doir huquqiy asoslarni takomillashtirishi lozimligi urg‘ulandi.

Yig‘ilishda soliq va tadbirkorlik sohasidagi huquqiy munosabatlarni takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasining muhokamasi qizg‘in kechdi.

Fraksiya a’zosi Firdavs Qurbonov qonun loyihasining ahamiyati haqida to‘xtalib, uni ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumotlar berib o‘tdi.

Deputatning aytishicha, soliq sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida loyihada sohadagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirish, soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik uchun javobgarlikni mustahkamlashga qaratilgan huquqiy normalar aks ettirilmoqda.

Munozaralar davomida fraksiya a’zosi Saydullo Azimov qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda tayyorlash jarayonida deputatlar tomonidan bildirilgan takliflar e’tiborga olingani va hujjat matnida o‘z aks ettirilganini qayd etdi.

Shuningdek, u Jinoyat-protsessual kodeksining 41-moddasiga kiritilayotgan o‘zgarishlar bo‘yicha aniqlashtiruvchi savollarni o‘rtaga tashladi. Qonun loyihasiga mas’ul deputat F.Qurbonov va qonun tashabbuskorlari berilgan savollar bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berib o‘tdi.

Deputat Umid Yakubxo‘jayev esa Soliq kodeksining 212-moddasiga kiritilayotgan uchinchi qism bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalari, takliflarini bildirib o‘tdi. Qonun tashabbuskorlari ko‘tarilgan savollar yuzasidan tushuntirishlar berdilar. Qizg‘in muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Fraksiya yig‘ilishida “Agrosanoat sohasida yangi bozor mexanizmlarini joriy etilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi muhokamalar markazida bo‘ldi.

U bilan Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi meva-sabzavotchilik yo‘nalishidagi mahsulot yetishtiruvchi, qayta ishlovchi subyektlar, issiqxona xo‘jaliklari hamda o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida berilgan arizalar, shikoyatlar va da’volar yuzasidan davlat bojini to‘lashdan ozod etilishi belgilanmoqda.

Deputatlar loyihada nazarda tutilayotgan normalar partiya saylovoldi dasturidagi vazifalarga uyg‘un ekanligini qayd etib, ushbu hujjat aholini oziq-ovqat bilan ta’minlash, intensiv usulda bog‘ va tokzorlar barpo qilish, issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirishga xizmat qilishini ta’kidladilar.

Qizg‘in munozaralardan so‘ng, qonun loyihasi fraksiya a’zolari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?