Yuksak iqtisodiy ösiş — strategik tanlov
Prezidentimiz raisligida keça bölib ötgan navbatdagi yiğilişda mamlakat iqtisodiy taraqqiyotidagi muhim yönalişlar, erişilgan natijalar va körsatkiçlar bilan bir qatorda, eʼtibordan çetda qolgan ayrim masalalarga ahamiyat qaratilib, kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Ötgan yil yakunlari bilan mamlakat yalpi içki mahsuloti 7,7 foizga ösib, 147 milliard dollardan oşgani taʼkidlandi. Aytiş mumkinki, bu raqamlar ortida minglab korxonalardagi modernizatsiya jarayonlari, yangi investitsiya loyihalari, zamonaviy texnologiyalarni joriy etiş va tadbirkorlik muhitini yaxşilaşga qaratilgan tizimli islohotlar turibdi.
Ayniqsa, iqtisodiyotga energiya tejamkor va ilğor texnologiyalarni keng joriy etiş natijasida bir dollarlik qöşilgan qiymat yaratişga sarflangan energiya xarajatlari 15 foizga kamaygan. Bu — iqtisodiy ösiş faqat hajm jihatidan emas, balki sifat jihatidan ham taʼminlanayotganini anglatadi. Zero, bugungi dunyoda arzon va samarali işlab çiqarişga erişmagan mamlakat global bozorda mustahkam örin egallay olmaydi.
Erişilgan natijalar zamirida iqtisodiy ösişning yarmidan köpi xizmatlar sohasi hisobiga taʼminlangani ham iqtisodiyot tarkibidagi ijobiy özgarişlar sifatida namoyon bölgan. Bu sohada raqamlaştiriş, logistika, moliya, axborot texnologiyalari va turizm kabi yönalişlarda yangi imkoniyatlarning oçib berilişi, xizmatlar uluşining ortişi iqtisodiyotning diversifikatsiyasi kuçayayotganini, içki bozor talabiga moslaşuvçanlik oşganini bildiradi.
Yiğilişda avtomobilsozlik sohasiga alohida eʼtibor qaratilib, yurtimizda yiliga 650 ming dona avtomobil işlab çiqariş quvvatiga ega törtta yirik korxona mavjudligi, bu salohiyatdan töliq foydalaniş, kooperatsiyani çuqurlaştiriş va mahalliylaştiriş darajasini oşiriş muhim vazifa sifatida belgilab berildi.
Joriy yilda bu boradagi körsatkiçlarni oşiriş vazifasi qöyildi. Bu minglab iş örinlari, soliq tuşumlari va eksport imkoniyatlarini kengaytirib, aholi farovonligiga xizmat qiladi. Şu bilan birga, içki bozor talabini rağbatlantiriş maqsadida avtokredit stavkalarini pasaytiriş va hajmini oşiriş böyiça topşiriqlar berildi. Moliyaviy instrumentlarni takomillaştiriş orqali aholi uçun zamonaviy avtomobil xarid qiliş imkoniyatlarini kengaytiriş közda tutilayotgani diqqatga sazovor.
Qişloq xöjaligi texnikasi işlab çiqariş sohasida ham katta imkoniyatlar mavjudligi, ularning töliq işga solinişi natijasida esa fermerlar yiliga kamida 15 mingta texnika sotib olişga tayyor ekani bildirildi. Bu içki sanoat uçun barqaror talab va yangi ösiş nuqtasi bölişidan dalolatdir.
Eng muhim masalalardan biri — boşqaruv sifatini oşirişdir. Şu bois davlat rahbari har bir vazir, hokim va tarmoq rahbari yangiça fikrlaşga ötişi, sunʼiy intellekt va raqamlaştiriş imkoniyatlaridan keng foydalanişi, innovatsion yondaşuvlarni joriy etişi şartligini qayd etdi. Zamonaviy iqtisodiyot raqamli texnologiyalarsiz rivojlanişi mumkin emasligini esa hayotning özi taqozo etmoqda.
Darhaqiqat, bugun mamlakatimiz iqtisodiyoti izçil rivojlanmoqda. Uning barqarorligini yanada taʼminlaşda barça birdek masʼul bölişi zarur. Qöyilgan vazifalar ijrosi natijadorligini kafolatlaş, bu boradagi saʼy-harakatlarni joylarda, aholi örtasida keng tuşuntirişda deputatlar ham faol bölişlari ayni muddaodir. Islohotlarning izçilligi, boşqaruvning samaradorligi va jamiyatning faol iştiroki esa bu yöldagi eng katta muhim mezondir.
Baxtiyor ARTIQOV,
Oliy Majlis Qonunçilik palatasi deputati.