Mahallaning faol ishbilarmon ayollari e’tirof etildi
Jizzax viloyatida “Mahallaning eng ishbilarmon ayoli” loyihasi doirasida mahallalarda faoliyat yuritayotgan tadbirkor xotin-qizlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. “Do‘stlik” mahallasida faol tadbirkorlardan biri Ra’no Kadirova 2015 yilda “Elnoza Bonu” MCHJga asos solib, bugungi kunda 12 nafar ayolni doimiy ish bilan ta’minlab kelmoqda. Shuningdek, 20 nafardan ortiq mahalla ayollari tikuvchilik kasbini o‘rganmoqda. U mahallaning eng faol ishbilarmon ayoli deb topildi.
Hamid Olimjon mahallasida esa tadbirkor Muhabbat Ikromova 8 nafar ayolni ish bilan ta’minlagan. Bundan tashqari, 20 dan ziyod xotin-qizlarga kasb sirlarini o‘rgatib, ularning bandligini ta’minlashga hissa qo‘shmoqda. Tayyorlanayotgan mahsulotlar shahar va qo‘shni tumanlarda xaridor topmoqda. Muhabbat Ikromova joriy yilda mahallaning eng ishbilarmon ayoli deb e’tirof etildi.
Ushbu loyiha tadbirkor xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyatini kengaytirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilmoqda. Mahallalardagi ishbilarmon ayollar nafaqat oilaviy daromadni oshirish, balki boshqa xotin-qizlarni kasbga o‘rgatish orqali jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqdalar.