Markaziy Osiyo – Rossiya: strategik sheriklik va istiqbolli hamkorlik sari yangi qadamlar
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Markaziy Osiyo – Rossiya” formatidagi ikkinchi sammitda so‘zlagan nutqi mamlakatimizning ochiq, pragmatik va amaliy tashqi siyosatini yana bir bor namoyon etdi. Davlat rahbari Rossiyani “muhim, ustuvor strategik sherik va ittifoqchi” sifatida ta’riflab, bu munosabatlar kelgusida ham shunday maqomda davom etishini ta’kidladi.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish, infratuzilmaviy aloqalarni mustahkamlash, transport, logistika, sanoat, energetika va gumanitar sohalarda hamkorlikni kengaytirish tashabbuslari — mintaqaning barqaror rivojlanishi va xalqlar farovonligiga xizmat qiladi.
Samarqand shahri — Buyuk Ipak yo‘li markazi, Sharq sivilizatsiyasining madaniy va ilmiy qutblaridan biri sifatida — bugun yangi rivojlanish bosqichiga ko‘tarilmoqda. Turizmni rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish va transport infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida Samarqand nafaqat tarixiy merosi, balki zamonaviy imkoniyatlari bilan ham dunyo e’tiborini tortmoqda.
Ayni paytda Samarqand xalqaro aeroporti orqali ko‘plab davlatlarga aviareyslar yo‘lga qo‘yilgani — Prezidentimiz olib borayotgan strategik siyosatning amaliy ifodasidir. Bu tashabbuslar turizm va madaniy almashinuvni jonlantirish, xizmatlar eksportini oshirish va aholi farovonligini ta’minlashga qaratilgan.
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan barcha tashabbuslarni to‘la qo‘llab-quvvatlaydi hamda Yangi O‘zbekistonni barpo etishda muhim siyosiy va amaliy asos sifatida baholaydi.
Ilhom Botirov,
O'zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi raisi,
xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.