Mo‘ynoqda aholi turmush sharoiti va murojaatlar o‘rganildi
O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov boshchiligidagi ishchi guruh Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘rganishlar olib bormoqda. Navbatdagi o‘rganishlar Mo‘ynoq tumanida o‘tkazilib, aholi murojaatlari, ijtimoiy masalalar, tadbirkorlik va hudud infratuzilmasi bilan bog‘liq ishlar holatiga e’tibor qaratildi.
Ishchi guruh “Mo‘ynoq” va “Do‘stlik” mahallalarida bo‘lib, aholi bilan muloqot qildi, ularning taklif va muammolarini tingladi. Shuningdek, mahalliy Kengash deputatlari hamda tadbirkorlar bilan uchrashib, biznes uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, imtiyozlar va hududda tadbirkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazida aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar samaradorligi ham o‘rganildi.
Tumanda ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga alohida e’tibor qaratildi. Osiyo taraqqiyot banki mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan loyiha doirasida 97,8 kilometr suv tarmog‘ini qurish va rekonstruksiya qilish, 5 ta suv taqsimlash inshooti hamda 9 ta suv rezervuarini barpo etish rejalashtirilgan. Loyiha yakuniga ko‘ra, aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasini 100 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, “Orol dengizi tarixi” muzeyi va “Ajiniyaz” ekoparki faoliyati o‘rganilib, turizm salohiyatidan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar bildirildi.
“Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida o‘tkazilgan sayyor qabulda 250 nafar fuqaro ishtirok etdi. Murojaatlar natijasida 53 ta muammo aniqlanib, ularning 46 tasi joyida hal etildi, 7 ta murojaat bo‘yicha huquqiy maslahat va tushuntirishlar berildi. 25 nafar fuqaroga 224,6 million so‘mlik turli ko‘rinishdagi yordam ko‘rsatildi. Aholining elektr va gaz tariflari, internet narxlari, turizm infratuzilmasi kabi masalalar bo‘yicha takliflari tegishli tashkilotlarga yo‘naltirish uchun nazoratga olindi.