Navoiylik yoshlar O‘zLiDeP tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashlarini bildirishdi
O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov Navoiy viloyat Ma’naviyat va marifat markazida yoshlar bilan uchrashdi. Uchrashuvda partiya saylovoldi dasturidagi ustuvor vazifalar haqida ma’lumot berildi.
Partiya yetakchisi ta’kidlaganidek, partiya barqaror ish joylarini yaratib, kambag‘allikni qisqartirish, aholini tadbirkorlikka jalb qilishning mahallabay dasturlarini ishlab chiqish, tuman, shahar va mahallalarning master-rejalari ustida ishlashni o‘zining ustuvor vazifasi, deb biladi.
Shuningdek, partiya kelgusi besh yillikda yoshlar bandligi va ishbilarmonligini faol qo‘llab-quvvatlaydi. Xususan, ishsiz yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish, korxonalar buyurtmasi asosida kasbga tayyorlash amaliyotini joriy qilish, har bir viloyatda kamida 100 gektar maydonda “Yoshlar ijtimoiy-iqtisodiy markazi”ni tashkil qilish va ushbu markazlarni yoshlarimiz uchun chinakam “loyihalar fabrikasi” aylantirish partiyaning ustuvor vazifasidir.
Partiya saylovoldi platformasida yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish uchun mikromoliyalash xizmatlarini kengaytirish va zamonaviy moliyaviy instrumentlardan keng foydalanish uchun imkoniyat yaratish, o‘z biznesini ijaraga olingan binoda boshlayotgan yoshlarga bir yillik ijara xarajatining 50 foizi qoplab berish, talabalar uchun davlat tashkilotlarida ish haqi to‘lanadigan stajirovka tizimini rivojlantirish kabi vazifalar ham belgilangan.
Muhokamada ishtirok etgan yoshlar partiyaning oliy ta’lim muassasalari huzurida tashkil qilingan “Karyera va stajirovka markazlari” faoliyatini takomillashtirish, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish maqsadida mahallalarda “Mustaqil rivojlanish” markazlarini tashkil etish yo‘nalishidagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashlarini ta’kidlashdi.