Yangilanayotgan "O‘zbekiston – 2030" strategiyasi: aholi salomatligi va inson qadri ustuvor
So‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar davlat va jamiyat hayotida mutlaqo yangi taraqqiyot bosqichini boshlab berdi. Inson qadri, adolat, ochiqlik va javobgarlik tamoyillariga asoslangan bu islohotlar mamlakatni barqaror rivojlantirishga qaratilgan aniq maqsad va vazifalar bilan izchil davom etmoqda.
2023-yilda qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi esa mamlakat taraqqiyotining asosiy yo‘nalishlarini belgilab berdi. Ushbu dasturiy hujjat doirasida o‘tgan davrda barcha sohalarda keng qamrovli ishlar amalga oshirildi.
Xususan, davlat budjetidan tibbiyot sohasi uchun yo‘naltirilayotgan mablag‘lar hajmi oshirildi, sog‘liqni saqlash muassasalarining moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyati tubdan yaxshilandi. Tibbiy xizmatlar aholiga yanada yaqinlashtirilib, sifatli tibbiy xizmatlar mahallagacha tushirilmoqda. Natijada yurtimiz aholisining turmush sharoitlari yaxshilanib, o‘rtacha umr ko‘rish darajasi 73,8 yoshdan 75,1 yoshga uzaydi. Bularning barchasi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasidir.
Albatta, qisqa vaqt mobaynida erishilgan ulkan natijalar haqida ko‘plab misollar keltirish mumkin. Lekin hozirgi davr “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini qayta ko‘rib chiqishni taqozo etyapti. Shundan kelib chiqib, strategiyaning takomillashtirilgan loyihasi ishlab chiqildi va u keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilib, aholining fikr-mulohazalari asosida takomillashtirilmoqda.
Yangilanayotgan strategiyada barcha sohalar qatori sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilayotgani e’tiborga molik. Jumladan, o‘rtacha umr davomiyligini 2030-yilgacha 78 yoshga yetkazish maqsad qilingani mamlakat aholisining hayoti va salomatligini yaxshilashga qaratilgan amaliy choralardir.
Mazkur dasturiy hujjatda bolalar salomatligiga ham alohida ahamiyat berilyapti. Ya’ni, ularda irsiy kasalliklarni erta aniqlash uchun skrininglar qamrovi kengaytiriladi. Ushbu chora-tadbirlar esa kelajak avlodni har tomonlama sog‘lom va barkamol avlod etib tarbiyalashga imkon beradi.
Strategiyada bolalar o‘rtasidagi irsiy kasalliklarning oldini olish va davolash samaradorligini oshirish, chaqaloqlarda hayoti uchun xavfli bo‘lga tug‘ma nuqsonlar bilan tug‘ilish darajasini 7 gacha kamaytirish ham maqsad qilingan. Ushbu chora-tadbirlar kompleks ravishda amalga oshirilsa, bolalar o‘rtasida irsiy kasalliklarning oldi olinib, davolash samaradorligi ortadi.
Onkologik kasalliklarni erta aniqlash va o‘lim ko‘rsatkichini kamaytirish, barcha xavfli o‘sma aniqlangan bemorlarni davolash bilan 100 foiz qamrab olinishini ta’minlash ko‘zda tutilgan. Bularning barchasi aholi salomatligini muhofaza qilish, odamlarni tibbiyot tizimidan rozi qilishga xizmat qiladi.
Shu nuqtayi nazardan, barchamiz yangilanayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi muhokamasida faol ishtirok etib, o‘z takliflarimizni berishimiz lozim bo‘ladi. Zotan, ushbu dasturiy hujjat yurtimizni yanada taraqqiy ettirishga va xalqimiz farovonligini ta’minlashga zamin yaratadi.
Sevara UBAYDULLAYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati