Juma 18-Oktyabr 2024-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Xususiylashtirish jarayonlarining ochiq va oshkoraligi ta’minlanadi

18.06.2024
406

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Deputatlar dastlab Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimning mamlakatimizga rasmiy tashrifining ahamiyatini muhokama qildilar.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar sezilarli darajada mustahkamlandi. Tomonlar xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birini faol qo‘llab-quvvatlamoqda. O‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalar taraqqiy etayapti.

Malayziya O‘zbekistonning ASEAN davlatlari orasida muhim savdo sherigi bo‘lib, birgina 2023 yilda ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2017 yilga nisbatan 3 barobar oshib, 190 million AQSH dollarini tashkil qildi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo va sarmoyaviy aloqalar ham izchil rivojlanmoqda.

Xususan, malayziyalik investorlarning nisbatan O‘zbekistonga qiziqishi ortib bormoqda. Buni kimyo, to‘qimachilik, mebelsozlik, elektrotexnika, moliya va turizm sohalarida yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani misolida ham ko‘rish mumkin.

Munozaralar davomida deputatlar Malayziya Bosh vaziri Anvar Iohimning yurtimizga tashrifining ahamiyatiga to‘xtalar ekan, so‘nggi 16 yilda ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu oliy darajadagi tashrif ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi davr ochishini qayd etdilar.

Fraksiya yig‘ilishida “Davlat mulkini boshqarish sohasi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham obdon ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, mamlakatimizda davlat mulkini boshqarish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, qulay investitsiyaviy muhitni yaratish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish, davlat mulklarini xususiylashtirish orqali xususiy mulkchilikni kengaytirish yuzasidan tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Taklif etilayotgan mazkur qonun loyihasi bilan davlat mulkini garovga qo‘yish, baholash va ommaviy savdolarga chiqarish, davlat mulki obyektlarini «nol» xarid qiymati bo‘yicha realizatsiya qilish tartibini bekor qilish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, davlat ishtirokidagi korxonalarning homiylikka sarflanadigan xarajatlarini, qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bilan bog‘liq normalar belgilanyapti.

Muhokamalar davomida fraksiya a’zolari qonun loyihasining ahamiyatiga to‘xtalib, unda nazarda tutilayotgan ayrim normalar bo‘yicha partiya maqsad va vazifalaridan kelib chiqib, o‘z fikrlari, taklif va tavsiyalarini bildirdi. Loyiha yuzasidan ko‘tarilgan savollarga qonun tashabbuskorlari tomonidan batafsil javoblar olindi.

Deputatlar qonun loyihasining qabul qilinishi xususiylashtirish jarayonlarining ochiq va oshkoraligini ta’minlashga xizmat qilinishi inobatga olib, uni ma’qulladilar.

Yig‘ilishda fraksiya vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?