Orzusini daromadga, tashabbusini biznesga aylantirayotgan ayollar
O‘zLiDeP Xorazm viloyat Kengashi “Ayollar qanoti” tashabbusi bilan Xiva shahrida “Farovon oila” loyihasi doirasida xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirishga bag‘ishlangan muloqot o‘tkazildi. Tadbirda ayollarni tadbirkorlikka keng jalb qilish, qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish, kichik biznes va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi imkoniyatlardan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot davomida tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan xotin-qizlarga biznes g‘oyalarini rivojlantirish, moliyaviy imkoniyatlardan foydalanish va mavjud imtiyozlar haqida amaliy tushuntirishlar berildi. Uy sharoitida pishiriqlar tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi Shaxruza Davlatyorova kabi faol ayollar uchun bunday uchrashuvlar o‘z biznesini kengaytirish, yangi mahsulot turlarini yo‘lga qo‘yish va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishga muhim rag‘bat bo‘lmoqda.
Uy sharoitida turli xil pishiriqlar tayyorlash bilan shug‘ullanib kelaman, – deydi u. – Bugungi tadbir davomida faoliyatimni rivojlantirish uchun yaratilayotgan yangi imkoniyat, imtiyoz va qo‘llab-quvvatlash choralari haqida kerakli ma’lumotlarga ega bo‘ldim. Eng muhimi, bu kabi tadbirlar men kabi uy sharoitida mehnat qilayotgan ayollarga o‘z imkoniyatlarimizni namoyon etish va kichik biznesimizni barqaror daromad manbaiga aylantirish uchun yangi kuch va ishonch beradi.
Tadbir yakunida “Farovon oila” loyihasi doirasidagi bunday tashabbuslar xotin-qizlarning orzusi va g‘oyalarini real biznesga, mehnatini esa barqaror daromad manbaiga aylantirishga mustahkam zamin yaratayotgani qayd etildi.