Seshanba 12-Avgust 2025-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

O‘zLiDeP saylovoldi dasturining yarim yillikdagi ijrosi muhokama qilindi

11.08.2025
118

Joriy yilning 11-avgust kuni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda partiyaning 2025–2029 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturida belgilangan maqsad va vazifalarni amalga oshirish yuzasidan shu yilning birinchi yarim yilligida olib borilgan ishlar va istiqboldagi vazifalar atroflicha muhokama qilindi.

Tadbirda alohida ta’kidlanganidek, partiya Saylovoldi dasturi Prezidentimiz olib borayotgan islohotlar bilan hamohang bo‘lib, mamlakat taraqqiyoti va xalq farovonligini ta’minlashda o‘zaro uyg‘un maqsad va vazifalarni qamrab olgan. Ayniqsa, bu hamohanglik, avvalo, iqtisodiyotni liberallashtirish, xususiy sektorni rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yoshlar va ayollarning iqtisodiy faolligini oshirish kabi yo‘nalishlarda yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan keyingi yillarda ilgari surilayotgan tashabbuslar, xususan, nnovatsiyaga asoslangan rivojlanish, raqamli iqtisodiyotni keng joriy etish, eksport salohiyatini oshirish va xalqaro aloqalarni mustahkamplash kabi uzoqni ko‘zlab amalga oshirilayotgan ustuvor maqsad va vazifalar O‘zLiDeP Saylovoldi dasturining ustuvor yo‘nalishlariga to‘la mos keladi.

Shundan kelib chiqib, hech mubolag‘asiz aytish mumkinki, partiya o‘z dasturi orqali mamlakatimizda olib borilayotgan izchil islohotlarni to‘la qo‘llab-quvvatlaydi va bu yo‘lda barcha sa’y-harakatlarini safarbar etadi. Xususan, Prezidentimizning yaqinda BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasida ilgari surgan tashabbuslarini nafaqat milliy, balki mintaqaviy ahamiyati yuksak ekanini e’tirof etadi.

Yig‘ilishda partiyamizning o‘tgan 6 oylik faoliyati davomida Prezidentimiz ichki va tashqi siyosatiga hamohang ravishda aholi bilan muloqot qilish, tadbirkorlikni rivojlantirish va ular uchun soliq yukini kamaytirish, aholini ijtimoiy himoya qilish kabi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratdi. Shu yo‘nalishdagi loyihalarni hayotga tatbiq etish, qonunlarni qabul qilishda ham elektoratimiz manfaatlarini inobatga olishga harakat qilingani alohida ta’kidlandi. Dasturimizning xalqparvarligi partiyamiz a’zolari va boshlang‘ich partiya tashkilotlari safini kengayishiga xizmat qilmoqda. O‘tgan yarim yillikda quyi bo‘g‘inlarimiz soni 199 taga ko‘payib, a’zolarimiz soni 2 million 19 ming nafarga yetdi.  

Xususan, fraksiyamiz Qonun ijodkorligi yo‘nalishida o‘tgan yarim yilda 1 ta qonun loyihasi ishlab chiqqan bo‘lsa, 7 ta qonun loyihasi hamtashabbuskor sifatida ishtirok etdi. Mazkur qonunlar tadbirkorlik erkinligini kengaytirishdan tortib sun’iy intellekt, noshirlik faoliyati va diniy sohadagi davlat siyosatini takomillashtirishga qaratilgan. Shu bilan birga, parlament va deputatlik nazorati doirasida vazirlar va davlat organlari rahbarlarining hisobotlari eshitildi, 21 ta deputatlik so‘rovi yuborildi. Shuningdek, fraksiya a’zolari mamlakatimizni 2025 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari doirasida belgilangan muhim vazifalarning ijro etilishini o‘rganish bo‘yicha Qonunchilik palatasining guruhlari tarkibida bo‘lib, joylarda o‘rganishlar olib bordi.

Shu bilan birga, joriy yilning birinchi choragi davomida Prezidentimiz raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishlarda belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda ishchi guruhlar shakllantirildi. Fraksiya a’zolari va mahalliy kengashlardagi deputatlik guruhi, boshlang‘ich partiya tashkilotlari vakillari bilan birgalikda mahallalar bilan ishlash, aholi muammolari va murojaatlarini hal qilish, eng chekka hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi ishlarni Jizzax, Navoiy, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent, Andijon va Xorazm viloyatlari kesimida o‘rganishlar olib borildi.

Uda fermer va dehqon xo‘jaliklari faoliyati, qishloq hududlarida tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ishlar samaradorligi, kichik sanoat zonalaridagi ishlab chiqarish jarayonlari o‘rganildi. Shuningdek, aholini suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha manzilli dasturlar ijrosi, kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash va tizimli ijtimoiy muammolarga oid masalalar muhokama etildi. Bundan tashqari, davlat-xususiy sherikchilikni kengaytirish, investisiya dasturlari ijrosi, qurilish, energetika, shu jumladan, energotejamkorlik masalalari aholi punktlarini jamoat transporti bilan qamrab olish holati e’tibor markazida bo‘ldi.

Mahalliy Kengashlardagi deputatlik guruhlarimiz esa 2581 ta deputatlik so‘rovi yuborib, 1006 marta ijro organ rahbarlarining hisobotini eshitdi, 78 masala sessiyalarga kiritildi. “Deputat va tadbirkor muloqot forumi” hamda “Deputat investorga madadkor” loyihalari orqali tadbirkorlarning muammolari hal etildi. Shuningdek, o‘tgan yarim yillikda partiya tuzilmalari, deputatlar, faollar va ekspertlar bilan hamkorlikda 436 marta tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, 13 mingdan ortiq tadbirkor qamrab olindi. Ularning 8 mingdan ziyodi huquqiy va iqtisodiy maslahatlar oldi, 800 dan ortiq murojaat amalda hal qilindi, qonunchilikka 70 dan ziyod taklif tayyorlandi. Murojaatlar bilan ishlashda 1396 murojaat ko‘rib chiqilib, ularning aksariyati ijobiy hal etildi.

Bugungi kunda yoshlarning zamonaviy bilim va kasb-hunar egallashi uchun keng sharoitlar yaratilmoqda. Xususan, hisobot davrida axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish, yoshlarga zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni o‘rganish, IT sohasida yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan partiyaviy loyihalar hayotga tatbiq etildi.

O‘tgan yarim yillikda partiyamiz tomonidan tashkil etilgan 272 ta ana shunday tadbirda 84 ming yosh ishtirok etdi. “Yosh tadbirkorlar Ligasi”, “Diplom bilan biznesga”, “Mening g‘oyam” kabi loyihalar orqali yoshlarning biznesga kirish imkoniyatlari kengaytirilmoqda. Xorijdagi yosh vatandoshlar bilan muloqot o‘rnatilib, “Vatandoshlik ovozi” va “Vatandoshga maslahat” loyihalari amalga oshirildi.

Aholi qatlamlariga manzilli yordam ko‘rsatishda “Ayollar qanoti”ning o‘rni katta. Yarim yilda 1776 tadbir o‘tkazilib, 69 mingdan ziyod xotin-qiz qamrab olindi. “Ishbilarmon ayol - 2025” tanlovi, “Bunyodkor ayollar”, “Salomatlik sari”, “Farovon oila” kabi loyihalar orqali minglab ayollar ishga joylashtirildi, kreditlar ajratildi, ajrim yoqasidagi oilalar yarashtirildi.

Mazkur loyihalar xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faollgini oshirish, ishsiz ayollarni tadbirkorlik, kasb-hunarga jalb qilish, bandligini ta’minlash, yangi ishbilarmon xotin-qizlarni kashf qilishga xizmat qilmoqda.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda islohotlar oldingidan-da shiddatli tus oldi. Ko‘plab sohalarga zamonaviy yondashuvlar, xalqaro tajribada o‘zini oqlagan qator yangi tizimlar joriy etilmoqda Bundan ko‘zlangan maqsad Yangi O‘zbekiston – 2030 stretegiyasida belgilangan vazifalarni tez va sifatli amalga oshirish, xalqimiz uchun munosib turmush sharoitini yaratish, sog‘lom, bilimli va yetuk kadrlarni tayyorlashdan iboratdir. Shunday ekan, partiya dasturidagi vazifalar ham zamon bilan hamnafas bo‘lishi talab etiladi. Ana shundan kelib chiqib, Siyosiy Kengash yig‘ilishida islohotlarning bugungi shiddati partiyamiz dasturini o‘zgartirishni taqazo etayotgani qayd etildi. Yig‘ilishda partiyaning yangilangan dasturini tayyorlash bo‘yicha ishchi guruh tarkibi va vazifalari tasdiqlandi. 

Yig‘ilishda muhokama etilgan barcha masalalar bo‘yicha qaror qabul qilindi. 

Saytni yangi dizayni yoqdimi?