O‘zLiDeP deputati arxiv tizimidagi byurokratik to‘siqlarni ko‘tardi
O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi O.Yuldashev O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi direktori U.Yusupovga deputat so‘rovi yubordi.
So‘rovda mamlakatimizda davlat xizmatlarini soddalashtirish va “bir darcha” tamoyilini to‘liq joriy etish borasida islohotlar amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, arxiv xizmatlari sohasida qator muammolar saqlanib qolayotgani qayd etilgan. Xususan, fuqarolar tomonidan arxiv ma’lumotlarini olish jarayonida ortiqcha byurokratik to‘siqlar, takroriy murojaatlar va qo‘shimcha to‘lovlar mavjudligi aholi noroziligiga sabab bo‘layotgani ta’kidlangan.
Qayd etilishicha, ayrim hollarda fuqarolar birgina masala bo‘yicha kamida ikki marta ariza topshirishga majbur bo‘lmoqda. Shuningdek, “bir darcha” tamoyili asosida bir nechta hujjat so‘ralganida ham amalda faqat bittasi taqdim etilib, qolgan hujjatlar uchun alohida murojaat va to‘lov talab etilmoqda. Bu esa aholiga ortiqcha vaqt va moliyaviy yuk yuklamoqda.
Deputat so‘rovida arxiv ma’lumotlarini taqdim etishdagi mazkur kamchiliklarning sabablari, takroriy murojaatlarni bartaraf etish, xizmatlar tarifini optimallashtirish hamda “bir darcha” tamoyilini to‘liq joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan choralar yuzasidan asoslantirilgan ma’lumot taqdim etish so‘ralgan.