O'zLiDeP fraksiyasida Vazirlar Mahkamasining Davlat dasturi ijrosi borasidagi hisoboti eshitildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2025- yil birinchi yarim yillikdagi ijrosi yuzasidan hisoboti ko‘rib chiqildi.
Deputatlar partiya maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda, Davlat dasturining iqtisodiyotni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlarga alohida e’tibor qaratdi.
Mamlakatimiz barqaror iqtisodiy o‘sish yo‘lida aniq natijalarga erishayotganini ta’kidlab, hisobotda mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining asosiy ko‘rsatkichlari, makroiqtisodiy barqarorlik, iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning izchil rivojlantirishni ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar batafsil bayon qilinganini qayd etdi.
Yig‘ilishda kun tartibidan o‘rin olgan — tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash orqali aholi bandligini ta’minlash hamda yuqori qo‘shilgan qiymatli tovarlar ishlab chiqarishni kengaytirishga qaratilgan qonun loyihasi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Loyiha bilan amaldagi 2 ta kodeks va 3 ta qonunga tadbirkorlarga yengilliklar berishga qaratilgan bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan tadbirkorlik subyektlarini tugatish tartibini soddalashtirish, yuqori texnologiyalar asosida mahsulotlar ishlab chiqarishda tadbirkorlik subyektlariga foyda solig‘i va mol-mulk solig‘idan imtiyozlar berish, davlat muassasasi shaklida tuzilgan hududiy yaylov xo‘jaliklarining doimiy foydalanishdagi yaylov yerlarini yer solig‘idan ozod qilish nazarda tutilyapti.
Shuningdek, yengil sanoat va xizmatlar sohasini, ipoteka bozori va farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar va kreativ parkning rezidentlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan soliq imtiyozlarini taqdim etish belgilab qo‘yilmoqda.
Munozaralar davomida fraksiya a’zolari Nuriddin Jabborov, Firdavs Qurbonov va boshqalar qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida fraksiya a’zolari tomonidan berilgan qator takliflar e’tiborga olinib, hujjat matnida aks etganligini qayd etdilar.
Deputatlar loyihadagi moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan tadbirkorlik subyektlarini tugatish muddatini 3 yildan 1 yilga qisqartirish taklifini ma’qullab, bunday o‘zgartirish mamlakatda tadbirkorlik faolligini to‘g‘ri baholash hamda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish borasida ijobiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladilar.
Fraksiya a’zolari mazkur hujjat tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash orqali aholi bandligini ta’minlash hamda yuqori qo‘shilgan qiymatli tovarlar ishlab chiqarilishini kengaytirishga xizmat qilishini e’tiborga olib, uni ma’qulladilar.