Asosiy kontentga o‘tish
Shanba 31-yanvar 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

O'zLiDeP ishchi guruhi: Qashqadaryoda Davlat dasturi loyihasi bo‘yicha takliflar bildirildi

29.01.2026
136

Qashqadaryo viloyatida O'zLiDeP raisi Aktam Xaitov boshchiligida ishchi guruhning yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” doirasida 2026 yilda amalga oshirilishi belgilangan ustuvor islohotlar hamda “O‘zbekiston–2030” strategiyasi asosidagi Davlat dasturi loyihasi atroflicha muhokama qilindi. Yig‘ilishda mazkur dasturning partiya saylovoldi dasturida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar bilan uyg‘unligi alohida qayd etildi.

Muhokamalar jarayonida Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar — kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash, “og‘ir” mahallalarda ish o‘rinlari yaratish masalalari ishchi guruh a’zolari tomonidan atroflicha tahlil qilindi. 1 million aholini ish bilan ta’minlash, 181 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish, kambag‘allikdan xoli mahallalar sonini 3,5 mingtaga yetkazish 2026 yil uchun asosiy ustuvor vazifalar ekani ta’kidlandi.

Yig‘ilishda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, mahalla kesimida tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar yuzasidan fikrlar bildirildi. Xususan, imtiyozli kreditlar, “og‘ir” tuman va mahallalar uchun alohida moliyaviy mexanizmlar joriy etilayotgani aholini ishli qilish va barqaror daromad manbalarini yaratishda muhim omil ekani qayd etildi. Bu borada partiya tashkilotlari tomonidan joylarda manzilli takliflar ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilish yakunida partiya deputatlik guruhlari va quyi bo‘g‘inlar oldida Davlat dasturi loyihasi bo‘yicha jamoatchilik muhokamasida faol ishtirok etish, aniq va amaliy takliflar kiritish, Prezidentimiz tomonidan belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda partiya faolligini yanada oshirish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab olindi.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?