Asosiy kontentga o‘tish
Shanba 31-yanvar 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

O'zLiDeP rahbar-xodimlarining siyosiy va professional salohiyati oshirilmoqda

30.01.2026
76

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlashda davlat organlari bilan bir qatorda jamoat tashkilotlari va siyosiy partiyalar ham o‘z oldilariga aniq maqsad va vazifalar belgilab olmoqda. Ayniqsa, jamiyat hayotida faol ishtirok etish, aholi bilan ochiq muloqot olib borish hamda islohotlarning joylarda samarali amalga oshirilishini ta’minlashda partiyalardan yuqori tashabbuskorlik talab etilmoqda. Shu maqsadda, siyosiy partiyalar faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish, rahbar-xodimlarning siyosiy va professional salohiyatini oshirishga qaratilgan o‘quvlar tizimli ravishda tashkil etilmoqda.

Xususan, O‘zLiDeP tuman va shahar Kengashlari raislarining birinchi o‘rinbosari — apparat rahbarlari uchun siyosiy va professional malakasini oshirishga qaratilgan ikki kunlik o‘quv-seminari bo‘lib o‘tdi.

O‘quv-seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad partiya rahbar-xodimlarining siyosiy-strategik fikrlashini kuchaytirish, deputatlik guruhlari faoliyatini samarali boshqarish, jamoatchilik bilan ishlash hamda natijaga yo‘naltirilgan partiya faoliyatini shakllantirishdan iborat bo‘ldi. Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, siyosiy jarayonlar va jamiyat taraqqiyotining yangi bosqichi partiya xodimlaridan yuqori darajadagi siyosiy bilim, zamonaviy ko‘nikma va kasbiy malaka talab etmoqda.

Seminar davomida “Yangi O‘zbekiston” sharoitida partiya oldida turgan vazifalar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida belgilangan vazifalar ijrosida O‘zLiDePning o‘rni, partiya mafkurasining ustuvor yo‘nalishlari, saylovoldi dasturida belgilangan 5 maqsad va 500 vazifani amaliyotga tatbiq etish mexanizmlari, O‘zLiDeP fraksiyasi va deputatlik guruhlari faoliyatini samarali tashkil etish masalalari atroflicha yoritildi.

Shuningdek, jamoatchilik nazorati va qonun tashabbuskorligi, parlament va deputat nazorati, deputat so‘rovlari, qonun loyihalarini ishlab chiqish bosqichlari, ayollar va yoshlar bilan ishlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni kuchaytirish, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash masalalari muhokama qilindi. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, raqamli yechimlar, sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik, zamonaviy PR texnologiyalari hamda ijtimoiy tarmoqlar bilan ishlash bo‘yicha amaliy mahorat darslari o‘tkazildi.

O‘quv-seminar doirasida joylarda partiya g‘oyalarini targ‘ib qilish, boshlang‘ich partiya tashkilotlarining o‘rni va roli, ular faoliyatini mahalla hayoti bilan uzviy bog‘lash, aholi muammolarini joyida o‘rganish va deputatlik guruhlari orqali hal etish masalalari bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi.

Ta’kidlanganidek, joriy yil mamlakatimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilingan bo‘lib, partiya oldida mahallalarni rivojlantirish, aholi muammolariga joyida yechim topish, xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish kabi ustuvor vazifalar turibdi.

Seminarda deputatlarning xalq orasida faol ish olib borishi, saylovchilar bilan doimiy muloqotda bo‘lishi, murojaatlarni nazoratga olib, aniq yechimlar ishlab chiqishi partiya faoliyatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri ekani alohida qayd etildi. Shu orqali xalq dardi bilan yashaydigan, natijaga yo‘naltirilgan partiya tizimini shakllantirish maqsad qilindi.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?