O‘zLiDeP raisi Navoiy Erkin zonasida saylovchilar bilan uchrashdi
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi rahbarining navbatdagi uchrashuvi Navoiy viloyati Karmana tumanidagi “Navoiy Erkin Zonasi” da bo‘lib o‘tdi.
Ushbu muloqotda mamlakatimiz iqtisodiyotining drayver sanoatining turli sohalaridagi mutaxassislar – malakali muhandislar va sohaga endi qadam qo‘ygan yosh xodimlardan iborat 200 nafardan ziyod saylovchi qatnashdi.
Uchrashuv avvalida O‘zLiDeP saylovoldi dasturining asosiy yo‘nalishlari, xususan, 5 maqsad va 500 vazifa doirasida kelgusi besh yilda amalga oshiriladigan ishlar hamda ularning aholi hayotidagi ahamiyati haqida atroflicha ma’lumot berildi.
So‘zga chiqqanlar saylovoldi dasturining ilg‘or texnologiyalarga asoslangan sanoatni rivojlantirish va shu orqali sanoat mahsulotlari hajmini 1,4 barobarga, mehnat unumdorligini esa 2 barobarga oshirish, 115 milliard dollarlik yirik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish, sanoatda tannarxni kamaytirish siyosatini olib borish, maxsus sanoat zonalarini xorijiy kompaniyalarga autsorsing asosida boshqaruvga berish kabi yo‘nalishlarda partiya o‘z zimmasiga olgan vazifalar haqida so‘z yuritishdi.
Yuqori kayfiyatda nihoyasiga yetgan uchrashuv davomida elektorat vakillari O‘zLiDePga va u ko‘tarib chiqayotgan g‘oyalarga ishonishlarini alohida e’tirof etishdi hamda yaqinlashib kelayotgan saylovda liberal-demokratlar uchun ovoz berishlarini bildirishdi.