O'zLiDeP tashabbusi bilan Murojaatnoma mazmun-mohiyati xotin-qizlar orasida keng targ‘ib etilmoqda
Toshkent viloyati Ohangaron tumanida O'zLiDeP tashabbusi bilan Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi mazmun-mohiyatini xotin-qizlar orasida keng targ‘ib etishga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, mahalliy Kengash deputat ayollari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda partiya faollari ishtirok etib, Murojaatnomada belgilangan xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb etish, ular uchun imtiyozli kreditlar, kasb-hunarga o‘qitish va ayollar bandligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Shuningdek, O'zLiDeP tomonidan 10 yil davomida o‘tkazib kelinayotgan “Ishbilarmon ayol” respublika ko‘rik-tanlovining ahamiyatiga to‘xtalib o‘tildi. Tanlovning 2025 yil Respublika bosqichi g‘olibi Aziza Hasanovaning tajribasi ishtirokchilar uchun namuna sifatida keltirildi.
Davra suhbatida partiya tashabbusi bilan har bir mahallada “Mahallaning ishbilarmon ayoli” loyihasini joriy etish rejalari bildirilib, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning jamiyatdagi o‘rni va iqtisodiy faolligini oshirishda O'zLiDeP ayollar qanotining mas’uliyati yanada kuchaytirilishi ta’kidlandi.
Tadbir doirasida partiya vakillari tadbirkorlik sub’yektlari va tibbiyot muassalarida ham bo‘lishdi.