Asosiy kontentga o‘tish
Yakshanba 06-sentyabr 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Virtual qabulxona
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

O‘zLiDeP va Tojikiston Xalq demokratik partiyasi o‘rtasida hamkorlik Memorandumi imzolandi

05.09.2026
174

2026-yil 5-sentabr kuni O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasida Tojikiston Xalq Demokratik partiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Maliksho Ne’matzoda boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqot davomida O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, tarixiy yaqinlik, mushtarak madaniy va ma’naviy qadriyatlar ikki xalqni bir-biriga chambarchas bog‘lab turishi ta’kidlandi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda ikki davlat rahbarlari — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning siyosiy irodasi, o‘zaro ishonch va ochiq muloqoti tufayli mamlakatlarimiz munosabatlari yangi, strategik ahamiyatga ega bosqichga ko‘tarildi.

2024-yilda Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi, uning 2025-yil mart oyida kuchga kirishi hamda joriy yil mart oyida davlat rahbarlarining strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish bo‘yicha kelishuvlari bu jarayonning muhim siyosiy asosini yaratdi. Partiyalararo hamkorlik esa ushbu yaqinlashuvning muhim va amaliy yo‘nalishlaridan biridir.

Ikki tomonlama muhokamalar so‘ngida O‘zLiDeP va TXDP o‘rtasida hamkorlik Memorandumini imzolash marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Mazkur hujjat ikki partiya o‘rtasidagi aloqalarni tizimli yo‘lga qo‘yish va ularga aniq amaliy mazmun berishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Memorandum doirasida partiyalar o‘rtasida doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish, qonun ijodkorligi va partiyaviy faoliyat bo‘yicha tajriba almashish, deputatlar hamda mahalliy vakillik organlari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish kabi yo‘nalishlarga ustuvor ahamiyat qaratiladi. Shuningdek, tadbirkorlik va xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, innovatsiyalarni rivojlantirish, yoshlar va xotin-qizlar o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytirish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Tomonlar, shuningdek, qo‘shma ishchi guruhlar tuzish, forumlar, uchrashuvlar va maslahatlashuvlar o‘tkazish, ilg‘or tajriba almashish hamda aniq dastur va loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha kelishib oldilar. Bu esa partiyalararo hamkorlikni faqat uchrashuvlar doirasida emas, balki aniq natijalarga qaratilgan amaliy sheriklik darajasiga olib chiqish imkonini beradi.

O‘zLiDeP va TXDP o‘rtasida imzolangan Memorandum o‘zbek va tojik xalqlarining mushtarak manfaatlariga xizmat qiladigan yangi tashabbus va loyihalar uchun mustahkam zamin yaratadi.

O‘zLiDeP Matbuot xizmati

Saytni yangi dizayni yoqdimi?