Asosiy kontentga o‘tish
Payshanba 11-Sentyabr 2025-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

O'zLiDeP va Turkiyaning “Adolat va taraqqiyot” partiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

09.09.2025
202

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasida Turkiyaning “Adolat va taraqqiyot” partiyasi raisi o‘rinbosari Z.Sirakaya boshchiligidagi delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Turkiya delegatsiyasi tarkibiga shuningdek,  “Adolat va taraqqiyot” partiyasi raisining turkiyzabon davlatlar bilan o‘zaro hamkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari K. Zorlu va boshqa bir qator rasmiy vakillar kirgan.

Mehmonlarni kutib olar ekan, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi A.Xaitov ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar izchil taraqqiy etib  borayotganligiga urg‘u berdi. Turkiya O‘zbekiston mustaqilligini birinchi bo‘lib tan olgan davlat ekani e’tirof etilib, mazkur tarixiy voqeadan buyon Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stona aloqalar barcha yo‘nalishlarda rivojlanib borayotganini urg‘uladi. “Ayniqsa, - deya ta’kidlab o‘tdi A.Xaitov, - ushbu munosabatlar keyingi sakkiz yil ichida mutlaqo yangi sifat darajasiga chiqdi. Mamlakatimizda turk hamkorlar bilan birga 100dan ziyod qo‘shma loyihalar samarali amalga oshirilmoqda. Shuningdek, umumiy qiymati 10 milliard dollar bo‘lgan istiqbolli loyihalar portfeli shakllantirilganligi, o‘zaro savdo hajmi tobora oshib borayotgani ham bunga yaqqol misol bo‘ladi. Qolaversa, ikki davlatning xalqaro tuzilmalar doirasidagi faoliyati, xususan, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi samarali faoliyati ikki xalqni bir-biriga yaqinlashtirishga xizmat qilmoqda”.

Partiya yetakchisining ta’kidlashicha, ushbu munosabatlar asosida ikki davlat rahbarlari - O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘an o‘rtasidagi o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlar turgan bo‘lib, aynan shu munosabatlar O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlikning barcha yo‘nalishlarida jadal rivojlanib borishiga mustahkam asos yaratmoqda.

Uchrashuvda so‘z olgan Turkiyaning “Adolat va taraqqiyot” partiyasi raisi o‘rinbosarlari Z.Sirakaya va K.Zorlu o‘z chiqishlarida O‘zbekiston bilan ikki tomonlama munosabatlar Turkiya xalqaro munosabatlarida hamisha muhim o‘rin tutib kelgani, bu nafaqat O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda joylashgan o‘ziga xos o‘rni, balki ikki xalqni yuz yillar davomida birlashtirib turgan tarixi bilan ham bog‘liqligiga urg‘u berdilar. Ikki mamlakat yetakchilari mustahkam asosini yaratib bergan o‘zaro yaqinlik yo‘nalishidagi sa’y-harakatlarda O‘zbekiston va Turkiya yetakchi siyosiy kuchlari ham o‘z hissasini qo‘shishi maqsadga muvofiqligiga e’tibor qaratib o‘tdilar.

Uchrashuvda partiyalararo aloqalarni mustahkamlash ushbu maqsadlarga erishishda muhim vosita ekaniga urg‘u berildi. Har ikki partiyaning aholi farovonligini oshirish, mamlakatlar ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash yo‘lidagi harakatlari bir-biriga uyg‘unligi, ularni amalga oshirishda xalqaro hamkorlik mexanizmlarini ishga solish har ikki tomon uchun ham manfaatli ekanligi qayd etildi.

Uchrashuv yakunida ikki partiya o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash va unga aniq mazmun bag‘ishlash maqsadida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum imzolandi.

Mazkur hujjat doirasida partiyaviy qurilish masalalarida tajriba almashish, ikki davlat parlamentlari hamda mahalliy vakillik organlaridagi partiya deputatlik guruhlari o‘rtasida, yoshlar va ayollar qanotlari o‘rtasida aloqalarni rivojlantirish masalalari ko‘zda tutilgan. Qolaversa, ikki mamlakat hududlari o‘rtasida, tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasida aloqalarni rivojlantirishga ko‘maklashish, ikki partiya tahliliy markazlari o‘rtasida hamkorlik munosabatlarini o‘rnatish masalalariga ham urg‘u berilgan.

Bunday yaqin partiyalararo hamkorlik xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni yanada mustahkamlashiga ishonch bildirildi.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?