O'zLiDeP “Yangi O‘zbekiston – raqobatbardosh mahsulotlar yurti” loyihasiga start berdi
O‘zLiDeP yetakchisi Aktam Xaitov boshchiligidagi ishchi guruh Buxoro viloyatida oziq-ovqat mahsulotlari yetishtiruvchi va ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyatini o‘rgandi. O‘rganishlar davomida eksport korxonalari oldida turgan muammolar, xususan logistika, sertifikatlash va tashqi bozorlarga chiqish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Mazkur o‘rganish O‘zLiDePning “Yangi O‘zbekiston – raqobatbardosh mahsulotlar yurti” partiyaviy loyihasiga amaliy start berilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Loyiha mahalliy tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, mahsulotlar sifati va raqobatbardoshligini oshirish hamda eksport salohiyatini kengaytirishga qaratilgan.
Uchrashuvda tadbirkorlar tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportidagi byurokratik to‘siqlar, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va zamonaviy texnologiyalar masalalari yuzasidan takliflar bildirildi. Eksportbop mahsulot ishlab chiqaruvchilarga soliq imtiyozlari, grantlar va infratuzilmaviy yordamni kengaytirish bo‘yicha tashabbuslar ilgari surildi.