Parkentlik ishbilarmon ayol Dilfuza Shamsutdinova 100 nafar xotin-qiz bandligini ta’minladi
Ishbilarmon ayol — mahallada barqaror rivojlanish va bandlikni ta’minlovchi muhim kuch. Parkent tumanida amalga oshirilayotgan “Mahallaning ishbilarmon ayoli” loyihasi doirasida faol va tashabbuskor ayollarning mehnati alohida e’tirof etilmoqda. Xususan, “DILFUZA DIZAYN” oilaviy korxonasi rahbari Shamsutdinova Dilfuza Mixritdinovna boshchiligidagi jamoa bugungi kunda nafaqat mahallada, balki xalqaro bozorda ham o‘z o‘rniga ega bo‘lib bormoqda.
2015 yilda tashkil etilgan mazkur korxonada bugun 100 dan ortiq ishchi-xodimlar doimiy ish bilan ta’minlangani, jumladan “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan fuqarolarning bandligi ta’minlanayotgani alohida ahamiyatga ega. Korxonaning mahsulotlari Rossiya va Belorusiya davlatlariga eksport qilinib, yuz minglab dollarlik tashqi savdo aylanmasiga erishilgani esa ishbilarmon ayolning salohiyati va qat’iyatini namoyon etadi.
E’tiborlisi, “DILFUZA DIZAYN” nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy yo‘nalishda ham faol. Kam ta’minlangan oilalar, nogironligi bor shaxslar yashaydigan xonadonlarga doimiy ko‘mak berib kelinayotgani, shuningdek, xalqaro moda namoyishlari va biznes forumlardagi ishtirok va yutuqlar ushbu korxona faoliyatiga berilgan yuksak e’tirofdir. Bunday ishbilarmon ayollar — mahallaning tayanchi, jamiyat taraqqiyotining ishonchli poydevoridir.