Transport sohasidagi xizmatlar sifati oshadi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida dastlab “O‘zbekiston Respublikasining Suv kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda suv resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlash, barcha tarmoq va sohalarda suvni tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etishni qo‘llab-quvvatlash, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu qonun loyihasi suvdan oqilona foydalanish, samarali boshqarish va muhofaza qilishni ta’minlaydigan huquqiy shart-sharoitlar yaratish, suv yetkazib beruvchilar va suv iste’molchilarining mas’uliyatini oshirish, suvdan foydalanishda ruxsatnoma olish tartibini soddalashtirishga qaratilgan.
Loyihada suv resurslarini boshqarish, ulardan foydalanish va muhofaza qilishga doir kompleks hamda muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, suv tejovchi texnologiyalaridan keng foydalanishni rag‘batlantirish, shuningdek, suv olish tartibini buzganlik uchun javobgarlik masalalari o‘z aksini topmoqda.
Munozaralar davomida fraksiya a’zolari Odinaxon Otaxonova, Baxitbay Aldamurodov va boshqalar loyihada nazarda tutilayotgan yangiliklar O‘zLiDeP maqsad va vazifalariga uyg‘un ekanligini qayd etib, uni ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida deputatlar tomonidan berilgan ko‘plab takliflar e’tiborga olingani va hujjat matnida aks etganini bildirdi.
Deputatlarning aytishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi suv xo‘jaligini uzoq muddatli rivojlantirishning huquqiy asoslari yaratish, shu jumladan suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Fraksiya a’zolari tomonidan ko‘rib chiqilgan navbatdagi hujjat —“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga transport xizmati ko‘rsatishni tashkil etish tizimini takomillashtirishga yo‘naltirilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bo‘ldi.
U bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga temir yo‘l transporti va metropolitenda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligi qoidalarini buzish, haydovchilarining mehnat va dam olish rejimini nazorat qiluvchi nosoz qurilmadan (taxografdan) foydalanish, haydovchining mehnat va dam olish rejimini buzish uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Shu bilan birga, avtomobil transportida yo‘lovchilarni muntazam yo‘nalishlarda tashish huquqini tasdiqlovchi guvohnomasiz yo‘lovchi tashish, belgilangan yo‘l haqi tariflarini oshirish, muntazam yo‘nalish bo‘yicha tasdiqlangan qatnov jadvaliga amal qilmaslik, belgilangan harakat hamda yuk bilan yoki yuksiz holdagi gabarit o‘lchamlari, shuningdek, umumiy haqiqiy vazni, o‘qqa tushuvchi og‘irligi belgilangan normalardan oshirgan holda yo‘lga va ruxsatnomada ko‘rsatilgan harakat yo‘nalishidan chetga chiqish uchun javobgarlik nazarda tutilmoqda.
Deputatlar qonun loyihasining mazmun-mohiyatiga e’tibor qaratib, undagi ayrim normalar bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi. Partiya dasturida ham aholiga transport xizmatini ko‘rsatish, yo‘lovchilar tashishning xavfsizligi va qulayligini oshirish ustuvor vazifa sifatida o‘rin olganligiga urg‘u berib, loyihani yanada takomillashtirish, pishiq-puxta holatga keltirish bo‘yicha bir qator takliflar berishdi.
Qonun loyihasining qabul qilinishi transport sohasidagi xizmatlar sifatini oshirish, yo‘lovchilar uchun muntazam yo‘nalishlarda maqbul narxlarda tashish jarayonlarini olib borish, avtomobil yo‘larini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’minlash jarayonlaridagi o‘zboshimchiliklarni oldini olish, yo‘lovchi va yuk tashish xizmatlarida xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Qizg‘in bahs-munozaralar, savol-javoblardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.