Yakshanba 22-Dekabr 2024-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Imzo varaqalari Markaziy saylov komissiyasiga topshirildi

21.08.2024
335

Imzo varaqalari Markaziy saylov komissiyasiga topshirildi Xabaringiz bor, 27 iyul kuni O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi majlisida partiyaning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylovda faol qatnashishi bo‘yicha qaror qabul qilingan edi. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zLiDePvakolatli vakili ro‘yxatga olinib, unga partiyaning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylovlarida ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlovchi saylovchilar imzosini to‘plash uchun belgilangan namunadagi imzo varaqalari topshirilgan edi.

Shundan so‘ng partiyaning barcha hududiy Kengashlaridagi vakillari, deputatlar, quyi bo‘g‘in a’zolari, partiya faollari ishtirokida o‘quvlar tashkil qilinib, unda imzo varaqalarini to‘g‘ri to‘ldirilishi borasida tushunchalar berildi. Imzo to‘plash jarayonlari aholi gavjum joylarda fuqarolarning ish, xizmat, o‘qish, yashash joylarida uyushqoqlik bilan tashkil etildi. Mazkur tadbirga partiyaning 15 mingga yaqin boshlang‘ich tashkilotlari faollik ko‘rsatdi. Hududiy partiya tashkilotlari qoshida tashkil etilgan ishchi guruhlar saylovchilar imzolarini to‘plash jarayoni uchun mas’ul etib belgilandi.

Ta’kidlash kerak, saylov qonunchiligiga ko‘ra siyosiy partiyalar bitta ma’muriy-hududiy tuzilmada (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahri) qirq ming saylovchining ko‘pi bilan sakkiz foiz imzosini to‘plashi mumkinligi belgilangan. O‘zLiDeP qonunchilikda belgilangan sondagi imzolarni to‘pladi.

Imzo to‘plash jarayonida saylovchilar tomonidan partiyamizning o‘tgan yillarda tadbirkorlikni rivojlantirish, yoshlar va ayollarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, qonunchilikni takomillashtirish hamda saylovchilar bilan ochiq muloqotlarda ko‘tarilgan muammolarni hal etish yo‘nalishidagi amaliy ishlari e’tirof etildi. Shuningdek, O‘zLiDeP joriy yilgi parlament saylovlariga o‘zining mutlaqo yangicha strategiyasi bilan kirib kelayotgani, 3 milliondan ortiq xonadonga kirib, ularning muammolarini o‘rganishni maqsad qilgani ta’kidlandi.

Hududlardan yig‘ilgan imzo varaqalari partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasida tashkil etilgan maxsus ishchi guruh tomonidan qabul qilinib, “E-Saylov” elektron platformasi orqali shuningdek Markaziy saylov komissiyasiga borib topshirildi.

Markaziy saylov komissiyasi yaqin kunlarda taqdim etilgan hujjatlarni to‘liq tekshirib chiqib, ularning qonun talablariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa beradi.

Qonunchilikka ko‘ra, Markaziy saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlar asosida 5 kunlik muddat ichida siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishiga ijozat berish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Saylovda ishtirok etuvchi partiyalar ro‘yxati arizalarning kelib tushishi navbati tartibida markaziy matbuotda e’lon qilinadi.

O‘zLiDeP matbuot xizmati

Saytni yangi dizayni yoqdimi?