Samarqand — yosh parlamentchilarning global muloqot maydoni
Samarqandda o‘tkazilayotgan Parlamentlararo ittifoq Yosh parlament a’zolarining XII global konferensiyasi O‘zbekistonning xalqaro parlamentlararo hamkorlikdagi faol va tashabbuskor pozitsiyasini yana bir bor namoyon etmoqda. Nufuzli anjumanning mamlakatimizda o‘tkazilayotgani global siyosiy muloqot uchun O‘zbekistonga bo‘lgan ishonch va e’tiborning yuksalib borayotganidan dalolatdir.
Konferensiya dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan yosh siyosatchilarni bir maydonga jamlab, zamonaviy muammolarga yechim izlash, tajriba almashish va yoshlarning siyosiy jarayonlardagi rolini yanada kuchaytirish uchun muhim imkoniyat yaratmoqda. Ayniqsa, yosh avlod vakillarining parlament faoliyatidagi ishtiroki kelgusi siyosat va qonun ijodkorligida yangi g‘oyalar, zamonaviy yondashuvlar hamda konstruktiv muloqotning ahamiyatini oshiradi.
Anjumanda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari, shuningdek, Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari ham faol ishtirok etmoqda. Bu ishtirok O‘zbekiston yoshlarining xalqaro parlamentlararo muloqotda o‘z pozitsiyasi va tashabbuslarini ilgari surishi, xorijlik tengdoshlari bilan tajriba almashishi uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.