Seulda O'zLiDeP va Laos xalq-inqilobiy partiyasi vakillari uchrashdi
ICAPPning 13-Bosh Assambleyasi doirasida O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov boshchiligidagi delegatsiya Laos xalq-inqilobiy partiyasi Markaziy Qo‘mitasining Tashqi aloqalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, ICAPP Doimiy qo‘mitasi a’zosi Valasay Lengsavat bilan uchrashdi.
Uchrashuvda ikki partiya o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, partiyalararo muloqotni rivojlantirish va o‘zaro tajriba almashish masalalari muhokama qilindi. Xususan, partiyalar faoliyati, deputatlar, yoshlar va xotin-qizlar bilan ishlash yo‘nalishlarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar xalqaro maydonlarda muntazam muloqot olib borish, o‘zaro manfaatli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va amaliy hamkorlikni rivojlantirish muhimligini ta’kidladilar. Bunday uchrashuvlar partiyalar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va yangi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilashga xizmat qiladi.