Asosiy kontentga o‘tish
Dushanba 06-Oktyabr 2025-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Sog‘lom yoshlar — sog‘lom kelajak poydevori

03.10.2025
122

Nukusda O'zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan “Sog‘lom yoshlar — sog‘lom kelajak” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Unda tibbiyot sohasi mutaxassislari, partiya faollari va Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining talaba-yoshlari ishtirok etishdi.

Tadbir ishtirokchilari ta’kidlaganidek, inson salomatligini asrash va mustahkamlash, qolaversa, uzoq umr ko‘rishning garovi — sog‘lom turmush tarzi ekani bugungi kunda barchamiz uchun ayon haqiqatdir. Zero, har bir inson o‘z sog‘ligi uchun, eng avvalo shaxsan o‘zi mas’uldir. Jamiyatning kelajagi esa sog‘lom va ma’naviy yetuk avlod tarbiyasi bilan uzviy bog‘liq.

Davra suhbatida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, yoshlar o‘rtasida tibbiy va salomatlik madaniyatini yuksaltirish, zararli odatlarga qarshi kurashish, jismoniy faollikni oshirish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Mutaxassislar tomonidan salomatlikni saqlash bo‘yicha mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, sohaga joriy etilayotgan yangiliklar, profilaktika va sog‘lom hayotga oid loyihalar hamda yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Guljan Xalmuratova davlatimiz rahbarining O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan qilgan ma’ruzasida bayon etilgan ta’lim sohasiga oid muhim tashabbuslarga to‘xtaldi. Xususan, xususiy bog‘chalarni qo‘llab-quvvatlash, kasbiy ta’limni rivojlantirish, yagona davlat imtihonlari asosida o‘quvchilarni oliy yoki kasbiy ta’limga yo‘naltirish, texnikumlar va xorijiy ta’lim muassasalari hamkorligida zamonaviy kasblar bo‘yicha o‘qitish, pedagoglarga imtiyoz va rag‘batlar berish kabi islohotlar yoshlarni sog‘lom va bilimli shaxs qilib tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Shuningdek, tadbir doirasida talabalarning fikr va mulohazalari ham tinglandi. Yoshlar sog‘lom hayot tarzini qo‘llab-quvvatlash, atrofdagilarni ham shu ruhda tarbiyalash, sog‘liqqa e’tiborli bo‘lish borasida o‘z tashabbuslarini ilgari surishdi. Ular sog‘lom turmush tarzi, sport va to‘g‘ri ovqatlanishni hayot tarzi sifatida qabul qilish kerakligini ta’kidlashdilar.

Davra suhbatida ta’kidlab o‘tilganidek, partiyaning ustuvor vazifalaridan biri — yurtning ertangi kuni bo‘lgan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni ongli, bilimli va sog‘lom fuqaro qilib voyaga yetkazishdir. O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi ham yoshlarning salomatligi, ta’limi va ma’naviy yetukligini ta’minlash maqsadida izchil, maqsadli va amaliyotga yo‘naltirilgan tashabbuslarni davom ettiradi.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?