Asosiy kontentga o‘tish
Shanba 15-Noyabr 2025-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Suv resurslaridan oqilona foydalanish — deputatlar nazoratida

13.11.2025
117

O'zLiDeP Navoiy viloyat hududiy partiya tashkiloti xodimlari va mahalliy kengash deputatlari partiyaning “Suv resurslaridan oqilona foydalanamiz” loyihasi doirasida Karmana tumanidagi bir qator fermer xo‘jaliklarida bo‘lib, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish va suv isrofgarchiligining oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Aholi sonining o‘sishi va iqtisodiyotning jadal rivojlanishi suvga bo‘lgan ehtiyojni orttirmoqda. Ayniqsa, qishloq xo‘jaligida sug‘orish uchun suv tanqisligi dolzarb muammolardan biriga aylanib bormoqda. Shu bois fermerlar tomonidan suvni tejovchi zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

O‘rganish jarayonida “Asilbek Asilaxon kelajagi”, “Do‘rmon Javohiri”, “Karmana Aziz istiqboli”, “Ergashev Otabek” va “Oltin tola” fermer xo‘jaliklarida o‘rnatilgan suv tejovchi tizimlar faoliyati ko‘zdan kechirildi.

– So‘nggi yillarda suv resurslari tanqisligi va iqlim o‘zgarishi sharoitida suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish juda muhim, – deydi “Oltin tola” fermer xo‘jaligi rahbari Bahodir Hasanov. – Biz 2020 yildan buyon 30 gektar yer maydonida paxta va g‘allani tomchilatib sug‘orish usuli orqali parvarishlab kelmoqdamiz. Bu usul suv va mineral o‘g‘it sarfini kamaytiradi, mehnat unumdorligini oshiradi hamda yoqilg‘i xarajatlarini 50-60 foizgacha tejash imkonini beradi.

Fermerlar bilan suhbat chog‘ida ularning faoliyatidagi ayrim muammolar va yechim talab qiladigan masalalar ham o‘rganildi.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?