Asosiy kontentga o‘tish
Dushanba 01-Sentyabr 2025-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Tadbirkorlar bilan muloqot – amaliy choralarga aylanmoqda

21.08.2025
135

Davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan V ochiq muloqotida bildirilgan taklif va tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha muhim Farmon qabul qilindi.

Prezidentimiz Farmonni tadbirkorlar kuni munosabati bilan bo‘ladigan uchrashuvga qadar imzolagan va muloqot kuni e’lon qilindi.

Bunday amaliyot ilk bor bo‘ldi, tadbirkorlik masalasiga eng yuqori e’tibor berilayotgani dalolati desak adashmaymiz.

Davlatimiz rahbari tadbirkorlik rivoji - barqaror iqtisodiy taraqqiyotga erishishning asosi ekanini ko‘p bora ta’kidlaganlar. Buni Farmon, qarorlar va qonunlar bilan yaratilgan sharoitlar, imtiyozlar va qo‘llab-quvvatlash tadbirlarida yaqqol ko‘rish mumkin.

Darhaqiqat, mamlakatimizda so‘ngi yillarda davlat va biznes o‘rtasidagi ishonchli hamkorlikning mustahkam zamin yaratildi.

Farmonga ko‘ra, 2026–2027 yillarda tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun jami 270 trillion so‘m yo‘naltirilishi belgilandi. Bu mablag‘lar erkin iqtisodiy zonalar infratuzilmasini rivojlantirish, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash hamda 5 mingdan ziyod yangi loyihalarni moliyalashtirishga sarflanadi.

Farmon bilan tadbirkorlarga kredit ajratish jarayoni yanada soddalashtiriladi. 2026 yil 1 maydan ularning to‘lov qobiliyatini baholashda soliq va kommunal to‘lovlar, tovar aylanmasi kabi ma’lumotlar asosida zamonaviy skoring tizimi joriy etiladi. Bu esa tadbirkorlarni ortiqcha qog‘ozbozlikdan xalos qiladi.

Turizm sohasida ham qator imtiyozlar belgilandi. Xususan, yangi mehmonxonalar qurilishi uchun yer uchastkalari elektron auksion orqali beriladi, davlat esa investor bilan sheriklik asosida ishtirok etishi mumkin. Shuningdek, mehmonxona qurish uchun tadbirkorlarga 7 yilgacha imtiyozli kreditlar ajratiladi. Mehmonxona yig‘imi tuman va shaharlarda bekor qilinishi, oilaviy mehmon uylariga qo‘yilgan talablar yengillashtirilishi belgilandi.

Soliq tizimida tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash choralari belgilanib, aylanmadan olinadigan soliqdan qo‘shilgan qiymat solig‘iga o‘tgan sub’yektlar bir yil davomida foyda solig‘idan ozod qilinadi. Shuningdek, soliq hisobotlarini shakllantirish vazifasi tadbirkorlardan olib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri soliq organlari zimmasiga yuklanadi. Bu tadbirkorlarning vaqt va resurslarini tejashga xizmat qiladi.

Farmonda belgilangan vazifalarning samarali ijrosini ta’minlash uchun maxsus nazorat mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi. Adliya vazirligi, Vazirlar Mahkamasi va Hisob palatasi har hafta va har oyda topshiriqlar bajarilishi yuzasidan Prezident Administratsiyasiga axborot taqdim etadi. Shu orqali tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash siyosatida izchillik va shaffoflik ta’minlanishi ko‘zda tutilgan.

Aktam XAITOV, 
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O'zLiDeP fraksiyasi rahbari.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?