Asosiy kontentga o‘tish
Dushanba 12-oktyabr 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Virtual qabulxona
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Tadbirkorlar uchun davlat xaridlarida yangi imkoniyatlar

12.10.2026
14

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida dastlab Prezidentimizning Turkmanistonning "Avaza" milliy sayyohlik zonasida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashidagi nutqining ahamiyati haqida so‘z yuritildi.

Deputatlar davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan muhim tashabbuslar MDH doirasida savdo, investitsiya, transport, energetika, oziq-ovqat xavfsizligi va raqamli xavfsizlik kabi aniq yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada kuchaytirishini alohida qayd etdilar. Kelgusi yili MDHga raislikni qabul qiladigan O‘zbekiston Hamdo‘stlik mamlakatlari o‘rtasida o‘zaro manfaatli va samarali hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda chuqurlashtirishga munosib hissa qo‘shishiga ishonch bildirildi.

Fraksiya yig‘ilishida davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasining muhokamasi ham qizg‘in kechdi.

Ta’kidlanganidek, ushbu hujjat davlat xaridlari sohasida shaffoflikni ta’minlash va raqobat muhitini kengaytirish, xarid qilish tartib-taomillarini xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasi asosida yanada takomillashtirish, tadbirkorlik subyektlarini davlat xaridlarida yanada faol ishtirok etishga keng jalb qilishga qaratilgan.

Qonun loyihasida davlat xaridlari natijalari, shu jumladan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar haqidagi ma’lumotlarni Davlat byudjeti ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlar tarkibiga kiritish, xaridlar doirasida yetkazib berilgan tovarlar, bajarilgan ishlar va ko‘rsatilgan xizmatlar bo‘yicha ma’lumotlarni hududlar kesimida ochiqlash nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha hududiy komissiyalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish belgilanmoqda. Bu esa sohada hisobdorlik va nazoratni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Munozaralar davomida fraksiya a’zolari Zafar Xudoyberdiyev, Saydullo Azimov va Ulug‘bek Qobulovlar mazkur qonun loyihasining ahamiyati haqida to‘xtalib, hujjatni ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida deputatlar tomonidan bildirilgan takliflar asosida uning matni yanada takomillashtirilganini ta’kidladilar. Shuningdek, deputatlar qonun loyihasidagi ayrim normalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, ularni yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflarni ilgari surishdi.

Shu bilan birga, ayrim masalalar yuzasidan qizg‘in bahs-munozaralar kechdi. Xususan, fraksiya a’zosi Dilmurod Artiqov davlat xaridlarida ishtirok etayotgan tadbirkorlarning shikoyatlari respublika va hududiy komissiyalar tomonidan turlicha tartibda ko‘rib chiqilishi hamda qaysi komissiyaga murojaat qilish bo‘yicha noaniqliklar yuzaga kelishining oldini olish, tadbirkorlarning ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflashini kamaytirish va huquqlarini samarali himoya qilish maqsadida shikoyatlarni ko‘rib chiqishning yagona tartibini belgilash va komissiyalar vakolatlarini aniq taqsimlash maqsadga muvofiq emasmi?, degan savolni o‘rtaga tashladi.

Qonun loyihasiga mas’ul deputat Otabek Musurmonov va mutasaddilar muhokamalar davomida ko‘tarilgan masalalar yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berib o‘tdilar.

—Mazkur qonun loyihasining muhokamasi qizg‘in tortishuvlarga sabab bo‘ldi. Uning qabul qilinishi davlat xaridlarida raqobat va shaffoflikni oshirish, mahalliy tadbirkorlarning xaridlarda ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish, eng muhimi, byudjet mablag‘laridan samarali va maqsadli foydalanishga xizmat qiladi, — dedi fraksiya a’zosi O.Musurmonov.

Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?