Asosiy kontentga o‘tish
Juma 21-avgust 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Virtual qabulxona
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Tadbirkorlik erkinligi — Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim omili

20.08.2026
50

Xalqimiz turmushi yanada farovonlashuvi, mamlakatimizning uzluksiz taraqqiyoti qanday omillarga bog‘liq?  Partiyamizning qat’iy nuqtai nazariga ko‘ra, bu borada asosiy omillardan biri – xususiy tadbirkorlik. Lekin biznes o‘z-o‘zidan rivojlanib ketmaydi. Buning uchun unga maqbul shart-sharoit yaratish, e’tibor, g‘amxo‘rlik qilish kerak.  

Shu yil 18 avgust kuni Xiva shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida e’lon qilingan tashabbuslar  shu ma’noda ulkan ahamiyatga ega. Muloqotda o‘tgan besh yil mobaynida ishbilarmonlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bajarilgan ishlar va ularning natijalari xususiy sektor mamlakat iqtisodiyotida tobora katta o‘rin egallayotganini ko‘rsatdi. E’tiborlisi, tadbirkorlarga ma’muriy, moliyaviy va institusional jihatdan yanada ko‘proq erkinliklar, imkoniyatlar berishga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Bu esa iqtisodiy siyosatning sifat jihatdan yangi pog‘onasidir.

O‘zLiDePning 2024 yilgi saylovoldi dasturida aynan shu qarash — iqtisodiy o‘sishning asosiy tayanchi sifatida erkin xususiy sektorni kuchaytirish g‘oyasi ilgari surilgan. Xivada tilga olingan yangi tashabbuslar bu vazifalarga mazmunan juda yaqin, shuning barobarida ularning amaliyotdagi samarasini aniq mexanizmlar vositasida g‘oyat oshirish xususiyatiga ega.

Masalan, kichik biznes faoliyatiga tekshiruvlar uchun uch yillik  moratoriy joriy etilishi, avvalo, tadbirkorning vaqti va diqqatini asosiy ishiga qaytarishga xizmat qiladi. Birinchi marta sodir etilgan va og‘ir oqibatlarga olib kelmagan qoidabuzarlik uchun darhol jarima qo‘llash o‘rniga kamchilikni bartaraf etishga imkoniyat berilishi ham davlat nazoratiga boshqacha yondashuvni anglatadi. Nazorat butunlay bekor qilinmayapti. Gap qonuniy talablarga rioya etishni ta’minlash bilan tadbirkorni ortiqcha ma’muriy bosimdan himoya qilish o‘rtasida oqilona muvozanat o‘rnatish haqida ketmoqda. Qonuniy ishlayotgan tadbirkor davlatdan jazo emas, aniq va tushunarli qoida hamda teng munosabatni kutadi.

Tadbirkorlik sohasida davlat xizmatlarining 50 foizida «sukut — rozilik» tamoyilini joriy etish, 30 dan ziyod lisenziya va ruxsatnomalarni bekor qilish, ayrim faoliyat turlarida lisenziyalashdan xabardor qilish tartibiga o‘tish — davlat bilan tadbirkor o‘rtasidagi munosabatlarni ortiqcha qog‘ozbozlikdan ozod etadi.

Byurokratik talabning har biri biznes uchun vaqt, mablag‘ va xavf demakdir. Ularning qisqarishi esa yangi korxonaning bozorga tezroq kirishi, ishlab chiqarishni ertaroq boshlashi va investisiyasini tezroq qoplashiga sharoit yaratadi. Natijada raqobat kuchayadi. Raqobat bor joyda esa mahsulot sifatiga, tannarxga va xizmat ko‘rsatish darajasiga talab oshib boradi.

O‘zLiDeP tadbirkorlik erkinligi haqida gap ketganda, uni faqat ishbilarmonning manfaati sifatida qabul qilish to‘g‘ri emasligini bot-bot ta’kidlamoqda. Bozorda yangi korxona paydo bo‘lsa, uning ijobiy ta’siri faqat korxona doirasida qolmaydi. Yangi ish joylari ochiladi, yangi mahsulot paydo bo‘ladi, yetkazib beruvchilar zanjiri shakllanadi, yangi xizmatlar yo‘lga qo‘yiladi. Bir tadbirkorning unib-o‘sishi o‘nlab boshqa sub’yektlar uchun ham iqtisodiy faollik manbasiga aylanadi. Moliyaviy imkoniyatlarni kengaytirishga qaratilgan «Biznes start», «Biznes lift» va «Biznes yuksalish» mexanizmlari ham aynan shu zanjirni uzluksiz qilishga yordam beradi. Yangi ish boshlagan tadbirkorga 200 million so‘mgacha garovsiz kredit berish, 10 milliard so‘mgacha kreditlarda garov talabini yengillashtirish kabi choralar biznes-g‘oyasi bor, lekin moliyaviy kafolati yetarli bo‘lmagan tadbirkorlarning bozorga kirish imkoniyatini oshiradi.

Bu masala mamlakatimizda yangi ish o‘rinlariga bo‘lgan ehtiyoj ortib borayotgan bir sharoitda ayniqsa muhim. Zero, aholi daromadini oshirishning eng barqaror manbasi — davlat tomonidan doimiy to‘lov emas, insonning o‘z mehnati uchun haq oladigan ish o‘rniga ega bo‘lishidir. Yangi ish o‘rni esa, o‘z navbatida, yangi biznes va yangi investisiya talab qiladi. Shuning uchun  Prezident tomonidan sun’iy intellektni 10 mingta korxona faoliyatiga joriy etishga qaratilgan dastur ilgari surilishiga ham tadbirkorlikni qo‘llash siyosatining uzoq muddatli vazifalaridan biri sifatida qarash lozim. Sun’iy intellektni joriy etish xarajatlarining 50 foizini qoplash va yuqori hisoblash quvvatlaridan foydalanish imkonini berish korxonalarni oddiy ishlab chiqarishdan texnologik samaradorlik bosqichiga olib chiqadi.

Mehnat unumdorligi oshmagan iqtisodiyotda yuqori daromadli ish o‘rinlarini ko‘paytirish ham, milliy brendlarni tashqi bozorlarga olib chiqish ham qiyin. Demak, raqamlashtirish va sun’iy intellekt bugun texnologik yangilik bo‘lsa, ertaga iqtisodiy raqobatbardoshlik masalasiga aylanadi.

Eksport bo‘yicha belgilangan choralar ham ayni muddao. Tashqi bozorga chiqishda tadbirkorga bozor, tarif va logistika bo‘yicha aniq yechimlar taklif etilishi, eksportchilarni yagona tizim asosida qo‘llab-quvvatlash milliy mahsulotning tashqi bozorlardagi ishtirokini kengaytirishi mumkin. Eng muhimi, bu jarayon mahalliy ishlab chiqaruvchini ko‘proq ishlab chiqarishdan ko‘proq qiymat yaratishga undaydi.

Xiva muloqotida Xorazm viloyatiga oid raqamlar ham shu jarayonning hududlarda qanday kechayotganini ko‘rsatdi. Kichik biznesning viloyat iqtisodiyotidagi ulushi 72 foiz, eksportdagi ulushi esa 81 foizga yetgan. Demak, hududiy iqtisodiy o‘sishda xususiy sektorning o‘rni allaqachon hal qiluvchi darajaga chiqqan. Endi uning samaradorligi va raqobatbardoshligini oshirish asosiy vazifaga aylanmoqda. O‘zLiDePning saylovoldi dasturida belgilangan iqtisodiy maqsadlar ham aynan shu natijaga qaratilgan: erkin bozor munosabatlarini mustahkamlash, iqtisodiyotda xususiy sektor ulushini oshirish, tadbirkorlik uchun qulay sharoit yaratish va raqobat muhitini kengaytirish orqali barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash. Dasturning bosh maqsadi esa iqtisodiy o‘sishni har bir inson, oila va jamiyat farovonligiga aylantirishdan iborat.

Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni shu mantiq asosida baholasak, ularning mohiyati yanada yaqqol ko‘rinadi. Maqsadimiz tadbirkorga berilgan imtiyozlarni sanab chiqish  emas,  iqtisodiyotda tashabbus va xususiy kapital uchun kengroq maydon yaratilishi, davlat va biznes munosabatlarini ishonch va aniq qoidalar asosida  qurilayotganini ta’kidlashdir.

Partiyamizning saylovoldi dasturi ijrosini tahlil qilishda ham asosiy mezon shu bo‘lishi kerak: qabul qilingan qaror, amalga oshirilgan vazifa tadbirkorning ishini nechog‘liq yengillashtirdi, qancha yangi ish o‘rni yaratildi, ishlab chiqarish va eksport qay darajada o‘sdi, eng muhimi, bu o‘zgarishlar fuqaroning hayotida qanday sezildi? Zero, islohotning haqiqiy natijasi tadbirkorning qanchalik erkin ishlayotgani va bu erkinlik xalqimiz hayotida qanday ijobiy o‘zgarishlarga aylanayotgani bilan o‘lchanadi.

O‘zLiDePning siyosiy mas’uliyati ham ana shunda. Partiya tadbirkorlik va xususiy sektorni rivojlantirishga qaratilgan siyosatni qo‘llab-quvvatlash bilan birga, saylovoldi dasturida belgilangan vazifalar bajarilishiga e’tibor qaratmoqda, muammolarni aniqlab, ularni hal qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqmoqda va jamoatchilik nazoratini amalga oshirmoqda.

Bugun tadbirkorlarga berilayotgan erkinlik va imtiyozlarning eng katta qiymati shuki, uning samarasi ertaga korxonadan chiqib, oilalar daromadi, yangi ish o‘rinlari, sifatli mahsulot va mamlakat iqtisodiy salohiyati yuksalishida namoyon bo‘ladi.

Sardor Maripov

Strategik va dastruy hujjatlar

bilan ishlash departamenti rahbari

Saytni yangi dizayni yoqdimi?